Metallurgiyani rivojlantirish boʻyicha vazifalar belgilandi

15:59 12 Avgust 2022 Siyosat
1190 0

Foto: president.uz

Oʻzbekiston metallurgiya kombinatida 12-avgust kuni ushbu sohani rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

Ushbu kombinat ilgari mamlakatimizda qora metallurgiya sohasidagi yagona korxona edi. Soʻnggi besh yildagi islohotlar natijasida 200 ta yangi korxona tashkil etildi. Ularda 25 mingdan ziyod aholi mehnat qilmoqda. Oʻtgan yilning oʻzida sohada 16 trillion soʻmlik tovarlar tayyorlangan. Temir va temir mahsulotlari ishlab chiqarish 1,8 barobar oʻsib, 2 million tonnadan koʻpaygan.

Shu bilan birga, yurtimizda bunyodkorlik ishlari, sanoat loyihalari hali koʻp. Bugungi kunda barcha sohalarda yiliga 4 million tonna qora metall ishlatilmoqda. Xususan, metallga ketadigan xarajatlar ulushi uy-joy qurilishi tannarxida 15 foizni, mashinasozlikda 40 foizni tashkil qilmoqda.

2026-yilga borib, mamlakatimiz iqtisodiyoti ehtiyojlari uchun 6 million tonnaga yaqin metall kerak boʻlishi hisob-kitob qilingan. Qolaversa, jahon iqtisodiyotidagi murakkab vaziyat, logistika zanjiridagi uzilishlar yirik metallurgiya korxonalari faoliyatiga ham qiyinchilik tugʻdirmoqda.

Davlatimiz rahbari bu sharoitda faqat oʻz metallurgiya sanoatimizni jadal rivojlantirish orqali maqsadga erishish mumkinligini taʼkidladi. Bu boradagi toʻrtta asosiy vazifa koʻrsatib oʻtildi.

Birinchisi - metall ishlab chiqaruvchi korxonalarni xomashyo bilan kafolatli taʼminlash. Ikkinchisi - barcha hududlarda metall ishlab chiqaruvchi korxonalar tashkil boʻlishini qoʻllab-quvvatlash. Uchinchisi - yuqori qoʻshilgan qiymat yaratadigan sanoat tarmoqlari uchun zamonaviy metall konstruksiyalar ishlab chiqarish. Toʻrtinchisi - malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish.

Bosh vazir maslahatchisi B.Islomov mamlakatimizda 1 milliard 200 million tonna temir rudasi zaxiralari borligini qayd etdi.

Yangi konlarda, shu jumladan, Qoraoʻzakdagi «Tebinbuloq» konida olib borilayotgan ishlar haqida hisobot berdi.

Ikkinchi masala haqida soʻz borar ekan, sohadagi korxonalarni rivojlantirish va ularning negizida sanoat klasterlarini tashkil qilish zarurligi taʼkidlandi.

Prezident hududlardagi shunday korxonalar rahbarlari bilan muloqot qildi. Ularning import qilinadigan metall xomashyosi va Oʻzbekistonda ishlab chiqarilmaydigan uskunalarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijlik malakali mutaxassislarning yurtimizda ishlashi uchun soddalashgan viza berish takliflarini koʻrib chiqishga mutasaddilarga koʻrsatma berdi.

Uchinchi yoʻnalishga koʻra, kelgusi yilda 500 million dollarlik mahsulotlarni mahalliylashtirish vazifasi qoʻyildi. Mutasaddilar bu borada 204 ta loyiha taklifi ishlab chiqilganini maʼlum qildi. Bu yoʻnalishni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahalliylashtirilgan yangi mahsulotlar davlat korxonalari tomonidan kafolatli xarid qilinishi belgilandi.

Davlatimiz rahbari sohada taʼlim va ilm-fanni rivojlantirish uchun «Oʻzmetkombinat»da Metallurgiya ilmiy markazini tashkil etish, Geologiya universitetida qora metallar ilmiy laboratoriyasi, Navoiy konchilik hamda Toshkent texnika universitetlari qoshida texnoparklar ochish taklifini bildirdi. Shuningdek, nufuzli xorijiy kompaniyalar va injiniring markazlarida yosh mutaxassislar malakasini oshirish zarurligi taʼkidlandi.

Videoselektor yigʻilishida viloyat hokimlari, kon-metallurgiya kombinatlari jamoasi, tadbirkorlar va xorijiy hamkorlar ishtirok etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер