Mergan jurnalistlar aniqlandi
Foto: Xalq so‘zi
Ommaviy axborot vositalari vakillari orasida nafaqat qalam, balki jangovar qurolda ham nishonga bexato uradigan ijodkorlar koʻp. Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topganining 31 yilligiga bagʻishlab “Vatanparvar” tashkiloti Namangan viloyat kengashi tomonidan pnevmatik quroldan oʻq otish boʻyicha oʻtkazilgan birinchilikda bu gal yuz nafar jurnalist va blogerlar oʻz mahoratini namoyish etdi.
Musobaqa shartlarini bajarishda eng yuqori natijaga erishgan “Sevimli” telekanalining Namangan viloyati boʻyicha operatori Husniddin Hamidov eng mergan OAV xodimi deb topildi. «Namanganskaya pravda» gazetasi muxbiri Oltinbek Boyboʻlatov va Yangiqoʻrgʻon tuman hokimligi axborot xizmati xodimi Davron Haydarov shohsupaning keyingi oʻrinlariga munosib topildi.
Anʼanaga aylangan bellashuvda ayol jurnalistlar ham pnevmatik quroldan otishda chakki emasliklarini koʻrsatishdi. Hakamlar hayʼati “Sevimli” telekanalining viloyatdagi muxbiri Umida Qoʻshoqovaning natijasini birinchi oʻrin bilan baholadi. «Zoʻr TV»ning viloyatdagi vakili Hulkar Ismoilova ikkinchi, Toʻraqoʻrgʻon tumanining “Davr” gazetasi muharriri Zohidaxon Kenjayeva uchinchi oʻrinni zabt etdi.
Gʻoliblar faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring