Meksikada dahshatli baxtsiz hodisa sodir boʻldi (+video)
Meksika janubida joylashgan Tabasko shtatida harakatlanib ketayotgan avtobus qarama-qarshi yoʻnalishda kelayotgan yuk avtomobili bilan toʻqnashishi oqibatida dahshatli avtohalokat sodir boʻldi, deb xabar bermoqda “La Verdad Noticias” nashri.
Maʼlumotlarga koʻra, mazkur hodisa sabab 41 kishi hayotdan koʻz yumgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan fotosuratlardan toʻqnashuv oqibatida avtobusda kuchli yongʻin kelib chiqqanini, natijada avtobus butunlay yonib, faqat metall korpuslari qolganini koʻrish mumkin.
“Ushbu baxtsiz hodisa sabab vafot etganlarning atigi 18 nafarining shaxsiga aniqlik kiritilgan xolos. Qolganlarning shaxsi nomaʼlumligicha qolmoqda”, — deydi Tabasko xavfsizlik xizmati.
Avtobus saroyi operatori Tours Akosta oʻzining “Facebook”dagi sahifasida avtohalokatga tezlikni oshirish sabab boʻlmaganini, avtobus belgilangan tezlik meʼyoridan oshmaganligi haqida yozgan. Batafsil tafsilotlar boʻyicha tegishli idoralar bilan hamkorlik qilyapmiz, deb qoʻshimcha qiladi u.
Dastlabki tekshiruv xulosalaridan soʻng maʼlum boʻlishicha, avtobus ichida boʻlgan barcha shaxslar mahalliy aholi vakillari hisoblanib, xorijlik sayyohlar yoki boshqa davlat fuqarolari boʻlmagan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring