“Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi belgilandi
Hukumat qarori (26-son, 17.01.2022-y.) bilan Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan “Mehr daftari” tizimini joriy etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomga muvofiq, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar tuman (shahar) hokimi qarori asosida “Mehr daftari”ga kiritiladi va undan chiqariladi.
“Mehr daftari” tizimiga kiritishning axborot tizimidan foydalanish va
2022-yil 1-fevralgacha mazkur axborot tizimi amaliyotga joriy etiladi.
Oʻquv-tarbiya muassasalari hamda tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari “Mehr daftari”ni shakllantirishga masʼul hisoblanadi.
Quyidagilar “Mehr daftari”ga maʼlumotlarning bevosita kiritilishini taʼminlaydi:
— Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan uning tizimidagi Mehribonlik uylari, Bolalar shaharchalari, Respublika bolalar oʻquv-tarbiya muassasalari va Oilaviy bolalar uylari;
— Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan uning tizimidagi Bolalar uylari;
— “SOS – Oʻzbekiston bolalar mahallalari» uyushmasi tomonidan uning tizimidagi bolalarni muqobil parvarish qilish xizmatlari, yoshlarga hamrohlik qilish xizmatlari va ijtimoiy yetimlikning oldini olish xizmatlari tarbiyalanuvchilari va bitiruvchilari toʻgʻrisidagi;
— tuman (shahar) hokimliklarining Bolalarni himoya qilish shuʼbalari tomonidan vasiylikka (homiylikka, patronatga) olingan yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar toʻgʻrisidagi.
Daftarga kiritilgan bolalarning muammo (ehtiyoj, qiziqish)lari tegishli tartibda oʻrganiladi.
“Mehr daftari”ga kiritilgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash ishlari quyidagilar tomonidan muvofiqlashtiriladi:
— tuman (shahar) hokimligining Bolalarni himoya qilish shuʼbasi tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlar bilan birgalikda;
— Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining Bolalarni himoya qilish masalalari kotibiyatlari tomonidan manfaatdor davlat organlari va tashkilotlari bilan birgalikda;
— Vazirlar Mahkamasining Bolalarni himoya qilish masalalari shuʼbasi va Milliy gvardiya tomonidan manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda.
Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalar 25 yoshga toʻlganda tegishli qaror asosida “Mehr daftari”dan chiqariladi.
Bunda daftardan chiqarilayotgan shaxslarning bandligi taʼminlangan va uy-joyi mavjud boʻlishi shart. Bandligi taʼminlanmagan holatlarda, “Mehr daftari” hisobida turish muddati bandligi taʼminlangungacha, biroq 5 yildan ortiq boʻlmagan muddatga uzaytiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring