Matbaa sohasida innovatsiya

12:12 12 Mart 2018 Jamiyat
2258 0

Mamlakatimizda nashriyotlar va matbaa korxonalari zamon talablariga mos ravishda rivojlantirilmoqda. Kitoblar hamda boshqa bosma mahsulotlar xalqaro standartlarga mos zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanayapti.
Sohada xalqaro hamkorlik ko’lami yil sayin kengayib bormoqda. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan nashriyot va matbaa korxonalari o’z mahsulotlari bilan jahonning turli davlatlarida o’tkazilayotgan nufuzli tanlov hamda forumlarda muvaffaqiyatli ishtirok etib qaytmoqda.
2018 yil 14-15 mart kunlari O’zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan “A2 Digital” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda tashkil qilinayotgan “Innovatsion texnologiyalarning yangi qirralari” shiori ostidagi I Xalqaro matbaa forumi sohada xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish, kadrlar salohiyati hamda malakasini yuksaltirish, matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarishda innovatsion texnologiyalardan samarali foydalanish, ularning xorij bozorlariga chiqishi va raqobatdoshligini oshirishda qulay imkoniyatlar yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Unda Amerika Qo’shma Shtatlari, Rossiya, Germaniya, Isroil, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlaridan yirik matbaa korxonalarining vakillari qatnashadi.
Forum doirasida O’zbekistonda matbaachilik sohasiga tatbiq etilgan innovatsion texnologiyalar hamda erishilgan natijalar, sohaning istiqboldagi rivojlanish tendentsiyalari xususida nazariy va amaliy muloqotlar, taqdimotlar, uchrashuvlar o’tkazilishi rejalashtirilgan.
“Innovatsion texnologiyalarning yangi qirralari” I Xalqaro matbaa forumida ishtirok etish istagida bo’lganlar www.ipforum.uz manzili orqali ro’yxatdan o’tishlari, shuningdek, mazkur forum bilan bog’liq barcha ma’lumotga ega bo’lishlari mumkin.
Dilshod KARIMOV,
«Xalq so’zi» muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер