Masʼul lavozimga tayinlanadigan shaxslardan oʻzbek tilini bilish sertifikati talab etiladi
“Mamlakatimizda oʻzbek tilini yana-da rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoniga binoan:
— Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosiga toʻliq oʻtishni taʼminlash maqsadida ishchi guruhi tashkil qiladi va aniq chora-tadbirlarni nazarda tutuvchi “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqib, Prezident Administratsiyasiga kiritadi;
— 2021-yil 1-apreldan boshlab oʻzbek tili va adabiyoti boʻyicha bilimni baholashning milliy test tizimi asosida rahbar kadrlarning davlat tilida rasmiy ish yuritish darajasi aniqlanadi hamda masʼul lavozimlarga tayinlanadigan shaxslar uchun davlat tilini bilish boʻyicha daraja sertifikatlari joriy etiladi;
— Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini oʻqitish va malaka oshirish markazida oʻzbek adabiy tili meʼyorlari va davlat tilida ish yuritish boʻyicha qisqa muddatli (1–2 oygacha) oʻquv kurslari muntazam ravishda tashkil etiladi;
— oʻzbek tilidagi mavjud lugʻatlar asosida uzluksiz taʼlimning barcha turlari uchun quyidagi oʻquv lugʻatlarini yaratish choralari koʻriladi, shu jumladan:
— koʻp jildli “Oʻzbek tilining izohli lugʻati”ning toʻldirilgan yangi nashri (kirill va lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosida);
— “Oʻzbek tilining imlo lugʻati”;
— “Oʻzbek tili sinonimlari lugʻati”;
— “Oʻzbek tili sinonimlarining katta izohli lugʻati”;
— “Oʻzbek tili frazeologizmlarining katta izohli lugʻati”;
— “Oʻzbek tili omonimlari lugʻati”.
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbek tilini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan oʻzbek tilidan jahonning yetakchi xorijiy tillariga va xorijiy tillardan oʻzbek tiliga tarjima qiluvchi kompyuter dasturi yaratiladi;
2021-yil 1-yanvardan boshlab markaziy telekanallarda “Tilga eʼtibor”, “Ona tilida soʻzlashamiz”, “Notiqlik mahorati”, “Til – millat koʻzgusi”, “Kitob bilim manbai”, “Bilimli yoshlar – kelajak bunyodkori” kabi turkum koʻrsatuv va eshittirishlar tashkil qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring