Markaziy Osiyo davlatlari va xalqaro tashkilotlar migratsiya turlarini himoya qilish boʻyicha hamkorlikni kuchaytirmoqda

15:55 12 Fevral 2024 Jamiyat
466 0

11-fevral kuni “Silk Road Samarkand” kongress zalida “Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Konvensiya (CMS COP14) ishtirokchilari konferensiyasining 14-yigʻilishi doirasida “Tabiat chegara bilmaydi: koʻchib yuruvchi turlar va Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish yoʻlida hamkorlik qilish” mavzusida yuqori darajadagi tadbir oʻtkazildi.

Tadbirda Oʻzbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov, Koʻchib yuruvchi turlar toʻgʻrisidagi konvensiya (CMS) ijrochi kotibi Emi Frenkel, BMTning Atrof-muhit boʻyicha dasturi (UNEP) ijrochi direktori Inger Andersen, Suvli-botqoqli yerlar boʻyicha Ramsar konvensiyasining Bosh kotibi doktor Musonda Mumba, Markaziy Osiyo davlatlarining atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat sektori rahbarlari, xalqaro tashkilotlar va nodavlat notijorat tashkilotlari, ilmiy doiralar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

“Keyingi besh kun ichida biz migratsiya turlari bilan bogʻliq qator masalalarni, jumladan, iqlim oʻzgarishining ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarini muhokama qilamiz. Maqsadimiz – ekotizimlar va sogʻlom sayyorani saqlashda muhim rol oʻynaydigan koʻchib yuruvchi turlarni saqlash boʻyicha yechim topish va samarali rejalar ishlab chiqish”, — dedi A.Abduhakimov.

“Markaziy Osiyoda koʻchib yuruvchi turlarni saqlash boʻyicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik” birinchi sessiyasi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari oʻrtasida koʻchib yuruvchi turlarni saqlash boʻyicha transchegaraviy va mintaqaviy hamkorlik boʻyicha muloqot boʻlib oʻtdi. Ikkinchi sessiyada xalqaro tashkilotlar rahbarlarining Markaziy Osiyodagi koʻp tomonlama munosabatlar va hamkorlik masalalari boʻyicha muloqoti oʻtkazildi. Uchinchi sessiyada esa davlat sektori rahbarlari koʻchib yuruvchi turlarni saqlash sohasida xalqaro va transchegaraviy hamkorlik boʻyicha oʻz tajribalari bilan oʻrtoqlashdilar.

Uchrashuv davomida Markaziy Osiyo davlatlari vazirlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlari oʻrtasida migratsiya turlari va transchegaraviy yoʻlaklarni himoya qilish boʻyicha birgalikdagi harakatlarga qaratilgan qator kelishuvlar imzolandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер