Markaziy Osiyo BMTning Global aksilterror strategiyasini mintaqaviy darajada muvaffaqiyatli amalga oshirish namunasini koʻrsatdi
Foto: Tashqi ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov 2022-yil 18-oktyabr kuni Dushanbe shahrida “Terrorizmga qarshi kurash va terrorchilar harakatlanishining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasidagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlik” mavzusida yuqori darajadagi xalqaro konferensiyada ishtirok etdi.
V.Norov tadbirda soʻzlagan nutqida soʻnggi yillarda Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi kurashda umumiy tamoyillar va yondashuvlar boʻyicha mintaqaviy konsensusni mustahkamlash, ushbu sohada ikki va koʻp tomonlama hamkorlikning samarali mexanizmlarini yaratish, tajriba va axborot almashinuvini kengaytirishda erishilgan yutuqlarni qayd etdi.
BMTning Global aksilterror strategiyasini amalga oshirish boʻyicha Qoʻshma harakatlar rejasini qabul qilinishi orqali Markaziy Osiyo mazkur dasturni mintaqaviy darajada muvaffaqiyatli amalga hayotga tatbiq etishning ilk namunasini koʻrsatdi. Terrorizmga qarshi kurash boʻyicha milliy tizimlar shakllantirildi hamda mamlakatlarning BMT tavsiyalariga toʻliq mos keladigan harakatlar strategiyalari ishlab chiqildi.
“Mintaqadagi umumiy xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurash boʻyicha birgalikdagi harakatlar uchun mustahkam asos bu doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik, oʻzaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi yaqin munosabatlardir. Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mamlakatlarimizning mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlashdagi ulkan salohiyatini roʻyobga chiqarishga yordam bermoqda”, dedi V. Norov.
Joriy yil iyul oyida boʻlib oʻtgan Maslahat yigʻilishida XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish yoʻlidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik toʻgʻrisida tarixiy shartnoma qabul qilindi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston va mintaqaning boshqa davlatlari tashabbusi bilan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash”, “Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash toʻgʻrisida”, “Markaziy Osiyo - tinchlik, ishonch va hamkorlik zonasi” rezolyutsiyalari qabul qilinishi mintaqa mamlakatlarining chuqurlashib borayotgan hamkorligini xalqaro darajada eʼtirof etilganidan dalolat beradi.
V.Norov qayd etganidek, Oʻzbekiston dunyo hamjamiyati tomonidan Markaziy Osiyo mamlakatlarining oʻzaro yaqinlashuv va hamkorlik jarayonlarini, mintaqaning global iqtisodiy va transport aloqalariga integratsiyalashuvini bundan keyin ham qoʻllab-quvvatlanishiga umid bildirmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring