Markaziy Fargʻonada ekoturizm: tuya suti ming dardga davo

15:29 13 Aprel 2022 Jamiyat
1824 0

Foto: Халқ сўзи

Markaziy Fargʻonaning betakror tabiati, dashtu dalalari, qum barxanlari, tabiiy suv havzalari ekoturizm va agroturizmni rivojlantirishda juda qoʻl keladi. Bu borada keyingi yillarda yaratilayotgan qulay shart-sharoitlar tufayli hududda nisbatan yangi tarmoqlar – tuyachilik, tuyaqush boqish, Afrika laqqa baligʻini koʻpaytirish istagidagi tadbirkorlar safi kengayib bormoqda. Tabiiy-iqlim sharoitiga mos intensiv bogʻlar tashkil etish, asalarichilik, quyonchilik, parrandachilik, yilqichilik ham jadal rivojlanyapti.

Tadbirkor Asrorjon Hikmatov «Roshidon nasldor tuyalari» fermer xoʻjaligini tashkil etganida uning istiqboliga shubha bilan qaraganlar ham boʻldi. Ammo maqsad aniq va qatʼiy boʻlgani uchun tadbirkor ushbu sohada moʻmay daromad olib, barqaror faoliyat yuritish mumkinligini isbotlab kelmoqda.

Markaziy Fargʻona choʻl hududining qoq belidan kesib oʻtgan serqatnov “Andijon – Qoʻqon” avtomobil yoʻli boʻylab yurib borar ekansiz, “Tuya suti. Qimron” degan yozuvli lavhaga koʻzingiz tushadi. Moʻjazgina uycha va soʻrilar, zovurning narigi tarafida tiklangan oʻtov eʼtiboringizni tortadi. Yoʻlovchilar shifobaxsh tuya sutidan ichish, nafas rostlash uchun bir muddat mazkur manzilda mehmon boʻladilar.

Tadbirkorning qayd etishicha, yildan-yilga bu yerga keluvchilar soni koʻpayib bormoqda. Asosan tuya suti uchun keluvchilar haftaning maʼlum kunlarida sut olib ketishadi. Fermer xoʻjaligi ishchilari sutni tabiiy usulda sifatli saqlash xadisini olishgan.

Abu Ali ibn Sino “Tib qonunlari” asarida tuya sutining shifobaxshligi xususida toʻxtalib, u juda mazali va toʻyimli boʻlishi, Sharqda bu neʼmat azaldan sevib isteʼmol qilinishini taʼkidlagan. Tarkibida V1, V2 vitaminlari, temir, fosfor, oltingugurt, kalsiy moddalari moʻl boʻladi. Ayniqsa, S va D vitaminlari, darmondorilarga boy. Zamonaviy tibbiyotda ham tuya suti bilan davolash keng qoʻllaniladi. Tibbiyotda jigar sirrozi, qandli diabet, oshqozon-ichak, yurak-qon tomir kasalliklarida, immunitetni koʻtarishda tuya suti tavsiya etilishi bejiz emas.

Tuyalar yilda bir marta bolalaydi. Bugun ancha ommalashgan tuya sutining har litri 25-40 ming soʻmdan sotilmoqda.

Fermer xoʻjaligida barcha ishlarni erkaklar bajaradi, hatto tuyalarni sogʻish ham ular zimmasida ekanligi eʼtiborga loyiq. Chunki fermer xoʻjaligi choʻl hududida, qishloqdan uzoqda boʻlgani uchun ayollar bu yerga ishlagani kelmaydilar. Tuyalarni boqib parvarishlash, ekin maydonlariga ishlov berish, bu yerga tashrif buyuruvchilarga xizmat koʻrsatish va yana boshqa yumushlarning barchasi erkaklar zimmasida.

— Oʻtgan besh yilda koʻplab qiyinchiliklarni yengib oʻtishga toʻgʻri keldi, bugun esa mehnatlarimiz oʻz natijasini koʻrsata boshladi, — deydi A. Hikmatov. — Yaqin istiqbolda shu joyda ekoturizm maskani barpo etishni maqsad qilganmiz. Tabiatni asl holicha asrab qolish, sayyohlar choʻl landshafti negizida hordiq chiqarishiga erishish niyatidamiz.

Hozirgi kunda xoʻjalikda 35 bosh tuya parvarishlanyapti. Uch bosh nortuya, qolganlari moya, bu esa yil sayin ular sonining koʻpayib borishini taʼminlayapti. Bu tuya suti va qimron miqdori oʻsib borishida ham muhim omildir.

— “Sahro kemalari”ning yashash tarzi, yemishi, oʻziga xos xususiyatlarini obdon oʻrgandik. Shu bois kelgusida sutni qayta ishlash, qadoqlab yetkazib berish ham rejamizda bor, — deydi izlanuvchan tadbirkor. — Bu yerda boʻri, tulki, ot, kiyik, tuyaqush, tustovuq, oʻrdak kabi jonivorlarni ham olib kelib boqmoqchimiz. Tasavvur qilinga, ot yoki tuya minib, keng dalada sayr qilasiz. Yovvoyi hayvonlar shundoq koʻz oldingizda. Charchaganda dam olib, sutxoʻrlik qilish, qarmoqda baliq ovlash, qayiqda suzish imkoniyati ham yaratiladi.

Shu maqsadda baliqchilik uchun alohida joy hozirlanib, chavoqlar tashlanibdi. Sayyohlar oʻz qoʻllari bilan ovlashlari, istasa shu yerda pishirib tanovul qilishlari mumkin boʻladi. Maʼlum oraliq masofada qamishdan chaylalar quriladi. Tungi paytlari qolishni ixtiyor etganlar uchun ham sharoit qilinadi. Yoritish va foydalanish uchun dala chetlari boʻylab elektr tarmogʻi tortilgan.

Tabiat bilan uygʻunlik, asl goʻzallik va choʻl havosidan bahramandlik yaqin kunlarda bu joylarga sayyohlar oqimining oshishi, shifobaxsh sutning davosi va taʼrifi esa bu oqlikdan tatishni ixtiyor etuvchilar safining yanada koʻpayishiga xizmat qilsa, ajab emas.

Botir Madiyorov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер