Marhumlar nima istaydi?
Tiriklik dunyosida odamlar notekis yashashadi, yaʼni, boy boyligi, kambagʻal kambagʻalligi bilan ajralib turadi. Ammo u dunyoda shohu gado barobar! Hatto Amir Temurdek buyuk sohibi saltanat ham vafotidan keyin jasadini ustozi Said Barakaning poyiga dafn etishni vasiyat qilganlar. Tolstoy jasadi nasroniylarning mahobatli qabristoniga emas, Yasnaya Polyanadagi oʻz chorbogʻiga qoʻyilgan. Adib oʻlimidan oldin qarindoshlarini yigʻib, goʻri ustiga biron yodgorlik oʻrnatmasliklarini tayinlagan. Hozirgacha marhumning vasiyatini buzishga hech kim jurʼat etolmaydi. Graf Lev Tolstoyday odam ham oʻzi va yaqinlarini Yaratganning qahrini keltiradigan ishlardan xalos etgan ekan.
Poytaxtimizdagi eng qadimiy qabristonlardan biri “Chigʻatoy” bir paytlar “Kommunistlar mozori” deb atalgan. Bu yer ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini ham oʻz bagʻriga olgan. Marhumlar makoni qabristonlar haqida yozishdan maqsadimiz oʻtganlarni eslash, ularga hurmat bajo keltirib, dilimizdagi gaplarni aytishdir.
Yozuvchi va jamoat arbobi Sharof Rashidovning ham qabri shu yerga koʻchirilganini koʻrib, xalq oʻzi sevgan va muruvvat koʻrgan farzandlarini hech qachon unutmasligiga amin boʻldik. Rashidov atrofida nomini sahna asarlari orqali tanigan Muxtor Ashrafiy, oʻzbek kinosining otasi Komil Yormatov, jahondagi ne-ne nodir qoʻlyozmalarni oʻrgangan Hamid Sulaymon, endokrinologiya sohasi asoschilaridan biri Yolqin Toʻraqulov, atoqli biolog Ubay Oripov va boshqa bir qancha davlat va jamoat arboblari, akademiklar, taniqli shoir va yozuvchilar, mehnat qahramonlari ham bor. Qalbida qancha ushalmay qolgan orzu-umidlari oʻzi bilan birga ketgan Mirtemir domlaning qabriga borganimizda, “Majnuntol tagiga oʻtkazing meni, Majnuntol yigʻlasin, men yigʻlab boʻldim”, degan satrlari xayolimizda aylangan boʻlsa, Abdulla Oripovning qabrini ziyorat qilib, “Jannatga yoʻl” dramasi yodimizga tushdi.
Mazkur dramada bir shoir yigitni jannatga kirishi uchun atigi ikki paysa savob yetmay qoladi. Shunda u tirikligida xalq, millat, jamiyat dardi va ogʻriqlari bir chetda qolib, behuda narsalarni qalamga olganidan afsuslanadi. Qoʻshni qabrdan osoyish topgan Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidagi murosasiz savollar qalbimizni agʻdar-toʻntar qilib yuboradi. Ular bizni tamagirlik, munofiqlik va xudbinlikdan nari boʻlib, vijdon bilan yashashga, xalqqa foydasi tegadigan ishlar qilishga chorlaganday boʻladi. Ular xotirasini abadiylashtirish uchun koʻchalar, maktablar va oliy taʼlim maskanlariga nomlari berilgan. Ular yashagan, ijod qilgan uylar muzeyga aylantirilgan. Bunday vatandoshlarimizning hayot yoʻlini yoshlarga tanishtirish, ular siymosida kelajak avlodni tarbiyalash biz uchun ham qarz, ham farz.
Tama
Odatda hayotda har kim har xil pogʻonalarga ega. Kimdir mansabdor boʻlsa, kimdir oddiy fuqaro. Unisi hashamatli uyda yashasa, bunisi oddiy uyda istiqomat qiladi. Dunyodan oʻtgandan keyin boy ham, kambagʻal ham barobardir. Qabristonda dono bilan nodon, botir bilan qoʻrqoq, boy bilan kambagʻal yonma-yon yotishi tabiiy hol. Ammo hayotdagi notekisliklar shu yerga ham koʻchib kelgani bizni oʻyga soldi. Garchi qabul qilingan tartib-taomilga koʻra, dafn etilgan joy (uchastka) doirasi belgilangan boʻlsa-da, bu yerda ham tabaqalashish sezilib turibdi. Tiriklar goʻyo bir-birlariga oʻzini kimligini koʻrsatib qoʻyish uchun marhumlarga iltifot koʻrsatayotgandek.
Qabrga qimmatbaho yodgorlik oʻrnatib, atrofiga koʻrpachalar solib qoʻygan bilan baribir marhum tirilib kelmaydi-ku, degan gap xayolimizga keldi. Qancha yodgorlik, surat, haykal oʻrnatib, atrofini sementlab tashlagan bilan vaqt hamma narsaga oʻz hukmini oʻtkazadi. Tuproqdan yaraldikmi, bora-bora yana shu tuproqqa qoʻshilib ketamiz. Hech boʻlmasa, marhumlarni oʻz holicha tuproq boʻlishiga qoʻyib beraylik, deging keladi. Olamdan oʻtganlar nomini abadiylashtirish uchun qoʻyilgan toshlarda ham tamalar seziladi. Masalan, mana bu qabr toshidagi yozuvga eʼtibor bering: “Falonchi buvijon, Yaratgan sizni oʻz rahmatiga olsin! Ushbu qabrtosh oʻgʻlingiz Botirjon, qizingiz Shohidaxon, jiyaningiz Vositjon va sizni yaxshi koʻrguvchi nabirangiz Azamatjon tomonidan qoʻyildi”. Oʻylab qolasan kishi: shuni muhtojlarga xayr-sadaqa qilsalar, shuning savobi ham marhumlarning ruhiga yetib boradi-ku?! Qabristonda oyoq bosgudek joy yoʻq. Har bir marhumga yarqiragan marmardan mahobatli yodgorlik oʻrnatilib, atrofi sementlab tashlangan. Bu ketishda bora-bora hammayoq tosh-betonga aylanib ketmaydimi? Bundan xulosa shuki, qabristonlarda ham nazorat va tartib oʻrnatilishi kerak. Bu yerni “kimoshdi” savdosiga aylanib borayotgani nafaqat marhumlar, balki tiriklarga ham zulm-ku!
Gulu chechaklarga burkangan qabrlar yonida yovvoyi oʻtlar bosib yotgan mozorlarni koʻrib, shularning ham yaqinlari bormikan, degan savol oʻtadi koʻngildan. Hayriyatki, Toshkent shahar hokimiyati “Chigʻatoy”ni oʻz otaligʻiga olgan. Ishchilar qarovsiz qabrlarga ham qarab turishibdi. Kelganlar yaqinlarini ziyorat qilib ketishi uchun qulay sharoit yaratilgan. Lekin boshqa joylarda ahvol qandaykin?! Har holda, qabristonning ham oʻziga xos qoidalari bor.
Coʻnggi yoʻl
Haqlariga duo-yu, qabrlaridan xabar olib turish. Tirikchilik tashvishlaridan ortib, hamma ham qabristonga kelishga vaqt topolmasligi mumkin. Bu borada qabriston mutasaddilaridan biri Mirabbos Hoshimov bilan suhbatlashganimizda, aholining qabristondagi obodonchilikka eʼtiborsizligini aytib qoldi. Umumxalq hasharlarida diniy idoralar, Yoshlar ittifoqi markazlariga xat bilan chiqishibdi. Bundan biror natija chiqmagach, yollanma ishchilar mehnatidan foydalanayotgan ekan.
Respublika Vazirlar Mahkamasi 2018-yil 15-fevralda “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish toʻgʻrisida” qaror qabul qilgani muqaddas maskanlarni saqlash va qadrlash, xalqimiz ongida ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom tuygʻularini shakllantirish bilan birga, har bir qadamjo va ziyoratgohni obodonlashtirish, yanada fayzli, tarovatli goʻshaga aylantirish, bu borada maʼnaviy-maʼrifiy targʻibot ishlarini kuchaytirishga xizmat qilmogʻi kerak. Axir, hammaning ham boradigan soʻnggi manzilimiz shu Yer-ku!
“Chigʻatoy”dan bir umidi bor
“Minor”ga yoʻl oldik. Ne koʻz bilan koʻraylikki, bu yerda ham diniy va milliy qadriyatlarimizga zid ishlar koʻzga tashlanadi. Ayrimlarni shu yerdan ham umidi bor shekilli, oʻlmasdan turib, oʻziga “joy” hozirlab qoʻyibdi. Har oyda bir marta kelib, atrofiga gullar ekib ketisharkan. Hatto maxsus qorovul yollab, qarab turishi uchun maosh toʻlarkan. Goʻrkovlardan biri Islom Usmonovning aytishicha, yaqinda bir kishi oʻziga sagʻana qurdiribdi. Oradan koʻp oʻtmay, oʻzi olamdan oʻtibdi. Tayyorlab qoʻygan joyiga dafn etishibdi. Bunday holatlar avval ham kuzatilgan ekan. Hamma narsa niyatga bogʻliq, deydilar. Hadisi shariflardagi oʻlimni orzu qilmanglar, oʻlim haq. Hammamiz oʻlishga ulguramiz. Lekin dunyoga inson yashash uchun keladi. Yashashga kechikmaslik kerak, deyilganini unutmaylik.
Yashash ham bir imkon. Halol mehnat qilib, Haq yoʻlida yashagan odam bandalikni bajo keltirganda, xokisor qabrda yotgani bilan qadri oyoq osti boʻlib qolmaydi. Yoki aksincha, hayotligida oʻz insoniyligini yoʻqotib, oʻlgandan keyin qimmatbaho marmarlardan “bezangan” qabrga qoʻyilgani bilan u narigi dunyoda ardoqlanib qolmaydi. Qabristondan qaytayotganimizda, qabr ustida oʻrnatilgan qimmatbaho yodgorliklar, gulchin temir panjaralarga ham vaqt oʻz hukmini oʻtkazganini koʻrib, ogʻir mulohazaga choʻmdik. Inson nima boʻlibdi, hatto alp togʻlar ham, mahobatli obidalar ham bora-bora husnu tarovatini yoʻqotadi. Ammo insondan eng yaxshi xotira boʻlib, uning ezgu ishlari, qobil farzandlari, shogirdlari va bogʻ-rogʻlari qoladi. Shunday yashash va boqiy nom qoldirish hammaga nasib etsin
A. UMIROVA
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring