Mardikor emas, madadkor ayollar
Hammaga maʼlumki, poytaxtimizning “Qoʻyliq”, “Eski Joʻva” bozorlari atroflarida, shuningdek, Toshkent tumanining Keles hududida mardikor ayol deb yuritiladigan, vaqtinchalik-bir martalik ish bilan band xotin-qizlarning ikkita asosiy nuqtasi bor.
Yaqinda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi masʼullari mazkur bozorlarda boʻlib, viloyatlardan ish izlab kelgan 287 nafar xotin-qiz bilan uchrashishdi. Muloqotlar chogʻida ularning ijtimoiy-iqtisodiy muammolari chuqur oʻrganildi. Bu haqda Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar xizmati xabar berdi.
Oʻzaro suhbatlar chogʻida mardikor ayollar joylarda taklif qilinayotgan ish oʻrinlari uchun toʻlanadigan oylik maoshlarining kamligi, markaziy shaharlarda ularning xizmatiga yuqoriroq narx toʻlanishi, aksariyat hollarda turarjoyga ehtiyojlarining balandligi, toʻy qilish va uy-joylarini taʼmirlatish, farzandlarining kontrakt pullarini toʻlashlari, kasal yaqinlarini davolatishlari uchun katta mablagʻ zarurligini asosiy sabab sifatida keltirishdi.
Qolaversa, joylardagi yashash sharoitlaridan koʻra poytaxt sharoitining maqbulligi, hududlarda gaz va elektr energiyasida uzluksiz uzilishlarning mavjudligini ham aytib oʻtishdi.
Shuningdek, bu ayollar ayrim ish beruvchilar ishlatib, pulini bermasliklarini, baʼzi hollarda zoʻravonlik holatlariga ham uchrayotganliklarini maʼlum qilishdi.
Muloqot yakunida Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi mutasaddilari hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ayollarning baʼzi muammolarini (masalan, bolasiga guvohnoma yoki pasport olish, bogʻcha va maktabga joylash, oilaviy kelishmovchiliklarni bartaraf etish hamda kreditga uy olib, toʻlolmayotgan ayollarni oʻz viloyatlarida maoshi yuqoriroq boʻlgan ish oʻrinlariga joylash kabi) hal etishga koʻmaklashishdi.
Koʻrinib turibdiki, bugungi vaziyat mutasaddi idoralarning oʻzaro hamkorlikda ishlashini, ushbu ayollar faoliyatini tartibga solishda innovatsion yondashuvlarni va zamonaviy usullarni qoʻllashni talab qilmoqda. Bu borada Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi bir qator loyihalar ustida jiddiy ish olib borayotir.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring