Maqsad —oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va xalq farovonligini oshirish

17:20 20 Aprel 2020 Siyosat
7627 0

Ayni damda qishloq xoʻjaligi tarmoqlarini yana-da rivojlantirish, aholini oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan birlamchi talabini qondirish va ichki bozorda narx-navo barqarorligini taʼminlash dolzarb masalaga aylandi. Shu bois mamlakatimizda ichki talabni toʻliq taʼminlash bilan birga eksportni oshirish uchun bor imkoniyatlarni ishga solish bugun har qachongidan ham muhim.

Tabiiyki, yurtimizda koronavirus pandemiyasi keltirib chiqarayotgan inqirozga qarshi kurashish sharoitida aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil qilish, tomorqalardan yiliga ikki-uch marotabagacha hosil olish uchun katta imkoniyatlar bor. Ayniqsa, mamlakatimizda aholini oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan uzluksiz taʼminlash tizimi samarali yoʻlga qoʻyilgan.

Bu haqda gapirganda Prezidentimiz tomonidan oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslar qanchalik muhim ekanligini alohida taʼkidlash joiz. Nega deganda davlatimiz rahbari bugun aholini asosiy oziq-ovqat turlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish, oziq-ovqat narxi va sifati uygʻunligini taʼminlash boʻyicha tinim bilmay ish olib bormoqda. Xususan, respublikamizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan ilk kundanoq, virus tarqalishini cheklash, uning aholi hayoti va mamlakat iqtisodiyotiga salbiy taʼsirini kamaytirishga qaratilgan qator qarorlar qabul qilindi. Bir necha bor videoselektor yigʻilishlari oʻtkazilib, mutasaddilarga hosil va daromadni koʻpaytirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai boʻlgan tomorqachilikni rivojlantirishga bagʻishlab shu yil 8-aprel kuni oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida Muhtaram Prezidentimiz bu masalaga alohida toʻxtalib, aholini asosiy oziq-ovqat turlariga boʻlgan ehtiyojlarini qondirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi. Mazkur yigʻilishda belgilab berilgan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 216-sonli qarori qabul qilindi.

Mazkur hujjat bilan, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyat hokimliklari bilan birgalikda Asaka, Angor, Jarqoʻrgʻon, Zangiota, Kitob, Namangan, Oltinkoʻl, Samarqand, Toyloq, Uychi, Quva va Yangiyoʻl tumanlarining tomorqa yer uchastkasidan bir yilda ikki-uch marotaba hosil yetishtirish va yuqori daromad olish tajribasini namuna sifatida respublikaning boshqa hududlariga joriy qilish choralarini koʻrish vazifasi yuklandi.

Bundan tashqari, ushbu qarorga muvofiq Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Qishloq xoʻjaligi hamda Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirliklari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun xalqaro moliya institutlarining imtiyozli resurslari va grantlarini jalb etish choralarini koʻrib, meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalar rahbarlari hamda mahsulot yetishtiruvchilar uchun mavzuli oʻquv-seminarlar tashkil qiladi.

Mazkur hujjatning yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, unga koʻra dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalari meva-sabzavotchilik klasterlari va kooperatsiyalariga ixtiyoriy asosda biriktiriladi. Ayniqsa, klaster va kooperatsiyalarga biriktirilgan dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer uchastkalariga Prezidentimizning 2019-yil 11-dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yana-da rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida nazarda tutilgan imtiyozlar tatbiq etiladi.

Aytish oʻrinliki, hozirgi global inqiroz va pandemiya sharoitida aholi bandligi va daromadini taʼminlash, iqtisodiy barqarorlikni saqlashda qishloq xoʻjaligi eng koʻp imkoniyatga ega soha hisoblanadi. Shu bois davlatimiz va hukumatimiz tomonidan dehqon va fermerlarga ichki bozorlarni qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan taʼminlash bilan birga eksportni hajmini oshirishi uchun ham barcha masalalar hal qilib berildi. Maqsad bitta — iqtisodiy foyda koʻrish bilan birga, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, xalq farovonligini oshirishdan iborat.

Shundan kelib chiqqan holda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilib, hududlardagi dehqon xoʻjaliklari va aholi tomorqalariga ekin ekish holati oʻrganilmoqda. Tumanlarda tashkil etilgan “Tomorqa xizmati” MCHJlari esa tuproq-iqlim sharoiti va suv bilan taʼminlanganlik holatidan kelib chiqib, qaysi turdagi ekinlarni ekish, parvarishlash, mahsulotni yigʻib olish va uni sotish boʻyicha amaliy yordamlar koʻrsatayotir.

Oʻrganishlar shuni koʻrsatmoqdaki, ayni damda barcha yurtdoshlarimiz ob-havo, iqlim injiqliklariga qaramay sabzavot, kartoshka, poliz mahsulotlari yetishtirib, oila ehtiyojidan ortganini bozorga chiqarmoqda. Zero, xalqimizda “Yerni boqsang — yer ham seni boqadi”, degan purmaʼno hikmat bor. Zamin halollik, eʼtiborni talab qiladi. Kim uni aldayman, desa, elni, oʻzini aldagan boʻladi.

Xulosa shuki, tajribali fermerlar va fidoyi dehqonlar hozirgi sharoitda sifatli bajarilgan agrotexnika tadbirlari tufayli yaratilajak moʻl hosil, undan keladigan daromaddan, eng avvalo, oʻzlari, qolaversa, jamiyatimiz katta naf koʻrishini yaxshi biladi. Dasturxonimiz toʻkin-sochin, bozorlarimiz noz-neʼmatlarga toʻla va arzon, turmushimiz farovon boʻlishi ham ularning bugungi mehnatiga bogʻliq. Agar bahorgi ekish ishlarini tezroq yakunlasak, bozorlarimizda mahsulot koʻp, narx-navolar esa arzon boʻladi.

Aktam HAITOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi

Spikerining oʻrinbosari,

OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер