Maqolani oʻqib...
“Milliy gʻoyasi yoʻq, boʻlsada amal qilmaydigan millatni mavh etish oson kechadi. Zero, milliy gʻoya millatning mustahkam qaʼlasidir. U millatni tashqi taʼsirlardan ham himoya qiladi, Vatan muqaddasligini, ozodlik qadrini, oʻzlikni asrash imkonini beradi. Yangi Oʻzbekistonning yangi milliy gʻoyasi sifatli taʼlim va samarali ilm-fan negizida yuqori intellektual darajali avlod asosiga qurilishi kerak, deb hisoblaymiz.
Zotan, milliy gʻoya mamlakat oldida turgan barcha muammolarni yechishning yagona va asosiy vositasi boʻlishi shart. Yuqori sifatli taʼlim va samarali ilm-fangina bunga kalit boʻla oladi”.
Samarqand davlat universiteti rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodovning “Xalq soʻzi” gazetasida eʼlon qilingan “Millat uchun hayot-mamot masalasi” nomli maqolasidan keltirilgan bu iqtibos har birimizni oʻylashga, fikr yuritishga, uygʻonishga undaydi.
Maqolada Yangi Oʻzbekiston uchun sifatli taʼlim va samarali ilm-fanga tayanib intellektual salohiyati yuqori boʻlgan yoshlarni tarbiyalash milliy gʻoya negizini tashkil qilishi masalasi har tomonlama asosli dalil va ilmiy izlanishlar bilan ochib berilgan.
Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda, yangilanayotgan Oʻzbekiston xalqini ogohlikka va milliy birlikka chaqirish, davlatning yuksak taraqqiyotiga faqatgina ilm-maʼrifat va sifatli taʼlim, bilan erishish mumkinligini shu yurtda yashayotgan har bir inson ongiga singdirish juda muhim zaruratdir.
Aholining barcha ijtimoiy qatlamida, amaldoru oddiy ishchi-xizmatchi, yoshu qari, barcha uchun tushunarli boʻlishi kerakki, yuksalishimizning yagona kaliti oʻqimishli, ilmli boʻlish. Taʼlim boʻlganda ham odmigina, xoʻja koʻrsinga, raqamlar ortidan quvish uchun emas, faqat va faqat sifatli taʼlim uchun kurashishimiz, intilishimiz shart va zarur.
Yosh avlodni tarbiyalash, avvalo, maktabgacha taʼlimdan boshlanadi.
Maqolada keltirilganidek, oilada onaning ilmli boʻlishi farzand tarbiyasida muhim oʻrin tutishi ayni haqiqat. Hatto muqaddas kitoblarimizda ham bola tarbiyasi ona qornidayoq boshlanadi deyilgan. Maqola muallifi ozod va obod vatan, erkin va farovon hayot faqat ilmli, maʼrifatli insonlar bilan qurilishiga, yaratilishiga urgʻu beradi.
Mazkur maqola bugungi kunda qonunlarimizdagi yangilanishlar, barcha sohalardagi izlanishlar faqat xalqqa sifatli taʼlim berishga qaratilganligini asoslaydi.
Endilikda bu faqat davlatninggina ishi boʻlmay, har bir fuqaro, shaxs zimmasidagi masʼuliyat ekanligi uqtiriladi. Bugun jamiyatdagi global muammolar va tahlikali vaziyatlardan yosh avlodni qanday himoya qilamiz?
Maqola muallifi bunga quyidagicha javob beradi: Sifatli taʼlim berish, salohiyatni oshirish, samarali ilmga erishish milliy gʻoyaga aylanishi kerak. Yoshlarimizni ilm va maʼrifat bilan qurollantirishimiz zarur.
Ilm-fan millatni yuksaltiradi, bilimli va iqtidorli yoshlari bor davlat hamisha rivojlanish yoʻlida boʻladi. Maqolada taʼlim va ilm hamisha qadrlanishi, xalq uchun xizmat qilishi kerakligi tushuntiriladi. Chindan ham insonga eʼtiborning muhim koʻrinishlaridan biri aslida sifatli taʼlim olishdir.
Ilmli, salohiyatli, yetuk, maʼrifatli, intellektual qobiliyati yuqori avlodni tarbiyalash bugun hayot-mamot masalasi boʻlib turibdi. Shu boisdan, milliy gʻoya darajasida eʼtibor qaratilayotgan sifatli taʼlim, samarali ilmga koʻproq eʼtibor berish, ongu shuuri yuksak avlodni tarbiyalash eng muhim vazifamizdir.
Buyuk mutafakkir Alisher Navoiy aytganidek, har bir inson, avvalo, oʻzini tanishi, oʻzligini bilishi, oʻz iqtidorini namoyon eta olishi kerak, shundagina el uni biladi. Shaxsni intilishi, izlanishi va ilmi bilan dunyo taniydi. Endilikda xalq manfaati, davlatimiz istiqboli uchun sifatli taʼlim yoʻlidan borish hayotiy ehtiyoj, zamon zaruratidir.
Insoniyat yaralibdiki, dunyoni bilish, izlanishlar orqali anglaydi. Ilm olish bizga azaliy meros va inʼom! Buyuk kelajak, eng avvalo, tomirida buyuklar qoni oqayotgan avlodning taʼlim-tarbiyasi bilan baholanadi.
Shunday ekan, barchamiz uchun bugungi hayot-mamot masalasiga chuqur idrok bilan qarash, dunyoda yuz berayotgan jarayonlardan boxabar boʻlish, eng muhimi, milliy birligimizni mustahkamlash nihoyatda muhimdir.
Boynazar YOʻLDOSHEV,
Qarshi davlat universiteti professori, filologiya fanlari doktori.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring