Mangu ovoz

20:49 22 Oktyabr 2021 Jamiyat
983 0

Oʻtkir RAHMAT

Doston

Behudud cheksizlik qarshisida jim,
Maʼvosiga qaytdi —
                       quyosh olovyuz.
Osmonni toʻldirdi
                            yarqirab sim-sim,
Behisob lahchaday milliyonlab yulduz.

Sirli samovatning soʻnggi qayerda,
Sado bermas zamin va yoxud falak?
Faqat,
sitoralar har oqshom koʻkdan,
Boqiy hayotidan beradi darak.

Nidosini tinglay oldingizmi hech,
Aks-sado berar togʻlar,
                                  choʻqqilar.
Yulduzlar tilidan ming yillar har kech,
“Manguga” degan bir ovoz toʻkilar.

O, nelarni koʻrdi bu koʻhna olam,
Necha bor aylandi axir dahri dun.
Gohi shodon boʻldi,
                            Goh tutdi motam,
Faqat, inson degan oliy zot uchun.

Inson xatosini anglar deb,
                                        koʻp bor,
Goh gulga,
               goh qonga burkangan ham u.
Ming yilki bir soʻzga sodiq,
                                             vafodor,
Ming yilki bir soʻz deb oʻrtangan ham u.

Hech qachon demadi axir alvido,
Qalbiga koʻrk boʻlib undi buyuklik.
Koʻhna shevasida yangratar dunyo:
Bir ovoz:
“Tiriklik”, faqat “Tiriklik”.

Turfa goʻzalliklar yaratib faqat,
Zulmkorlar bilan har bir daqiqa,
Koʻz ochgandan beri inson,
Tabiat —
Umri oʻtar urush-muhorabada.

Bir jangki,
                 ochilgan gʻayri qoʻllarga,
Bir jangki,
                  soʻnggida bori gʻarib shon.
Bir jangki,
                    bir zumda bogʻlar soʻladi,
Bir jangki,
                  jonzotlar jon beradi, jon.

Yoqilar,
          xoʻrlanar,
                     xoʻrsinar,
                                   tinar...
Oliy shodligidan qaygʻusi daroz.
Joni qiynalsa ham tigʻlar ostida,
Tabiat “Yashna” deb beradi ovoz.

Chechaklar ovozi — baxtdan nishona,
Chaqmoqlar ovozi — matonatdandir.
Yomgʻirlar ovozi — shiddatga doya,
Nurlarning ovozi — haroratdandir.

Bulbullar chugʻurlar — ovozi sohir,
Shudringlar shivirlar — eng goʻzal ovoz.
O, dillarga oshiq yuragim axir,
Koʻksimda pitirlar — muhabbatga xos.

Tuproqdan bir ovoz keladi: “Yuksal”,
Yaproqdan bir ovoz keladi: “Ungin”.
Ulugʻ kelajakka yoʻl ol
                                 har mahal,
Buyuk ajdodlarga munosib boʻlgin.

Har yoqdan bir ovoz keladi bugun:
“Ochiqdir, unutma,
                           saodatga yoʻl.
Faqat,
              istagimiz,
                            tilagimiz shu —
Shonli ovozlarga voris ovoz boʻl”.

Bunda jam boʻlmishdir jamiki ovoz,
Suvrati,
              siyrati,
                             pokligi bilan,
Olib borajakdir eng toʻgʻri yoʻlga,
Adolatga xayrixohligi bilan.

Ibratli saboqlar soʻylaydi oʻtmish...
Bilmoq istaysanmi ovozing kuchin?
Tinglagin, bobolar jon fido etmish,
“Hurlik” deb atalgan shu ovoz uchun.

Hech qachon oʻzini etmagan koʻz-koʻz,
Ne demoqda?
Oriyat-chun joni — ming,
Shiroq ovozini tinglagin,
                                 ey doʻst,
Ovozin eshitgin Spitamenning.

Millatning ovozi albatta bir kun
Yana ham koʻtargay xalq qaddini tik.
Guvohlik beradi asrlar osha
Xos Hojib ovozi — “Qutadgʻu bilig”.

Bir ovoz tingladim,
                              shunday baland ruh,
Bir ovoz tingladim,
                             tinmadi diydam.
Shonini koʻtargaydir “Lugʻotit turk”,
Moʻtabar ovozdir, oh, Qoshgʻariydan.

Jalol qilichidan chaqnagan chaqin —
Moʻgʻullar qalbiga qoʻrquv solgan sher.
Turibdi jasorat mashʼalin yoqib,
“Men oʻsha, men oʻsha, Jaloliddin”, deb.

“Vatansiz insonning qaddi ham yermish,
Merosim,
                farzandlar unutmasin to...”
Ovozin qoʻlidan qoʻymay jon bermish,
Ana, qoʻlida tugʻ Najmiddin Kubro.

Mashriq va Magʻribni titratgan nola —
Temurning “adolat” kalomidir u.
Hech kimning koʻzida titramas jola,
Amirning bu poydor ovozi mangu.

Ulugʻbek falakni ayladi yaqin,
Koʻz tikib yulduzlar olami aro,
Koinot ilmini oʻrgangan sayin —
Zulmat lashkarini mahv etdi ziyo.

Yashillandi ochun,
                           nurlandi olam,
Buxoriy soʻzidan ingan yogʻdudan.
Chekindi qalblardan bor neki alam,
Odamzod asraldi balo, qutgʻudan.

Naqshband daf etmoq uchun baloni,
Eng avval
               pokladi chirkin dillarni.
Xush ovozi yengdi hoyu havoni,
Nurafshon ayladi zulmat yoʻllarni.

Ilm ovozidan yorishdi olam,
Dunyoga oʻrgatdi Sino davoni.
Noravo dardlarga topildi malham,
“Tib qonuni” berdi barcha shifoni.

Navoiy Hirotdan boqadi hamon.
Asrlar suronin birma-bir bosib,
“Ey inson, ey koʻngil, ey yurak uygʻon...” —
“Hamsa”ning ovozi kelar munosib...

Bobur naʼra tortdi misoli arslon,
Bul ovoz “hind sori” yoʻl oldi mubham.
Roʻzi-shab oʻrtandi
                        sogʻinchlarda jon,
Bir qoʻlida qilich,
                                birida qalam.

Maʼrifat quyoshi, ziyoqush boʻlib,
Haqsizlikdan tishlab qolmayin labin,
Ovozlar birlashib — qattiq musht boʻlib,
Shaylanar goh Choʻlpon,
Qodiriy kabi.

Gʻafur Gʻulom, Oybek, Abdulla Orif,
Erkin Vohidov-u Muhammad Yusuf...
Sheʼr istagan dilning tortsa xumori,
Bu ovozlar yoʻlin boʻlarmi toʻsib?

Abduvali Qutbiddin tebranar asta,
Olamni toʻldirar majnuniy ovoz.
Borliq uygʻonganday boʻlar bir pasda,
Shavkat Rahmon qalbin aylaganda roz…

Bu zaminda oʻtdi qancha ulugʻ zot?
Kitoblarin etib bir uchirma qush,
Bizning koʻngillarga endi umrbod,
Ovoz yoʻllashadi bir-biridan xush.

O, bu nidolardan,
                                  bu naʼralardan,
Balki,
           kelgandami fursatning soʻnggi...
Ruh oʻz ovozni topa olgaydir,
Oʻz ovozin topa olgaydir koʻngil.

Demakki,
                     haq ovoz dildagi bayot,
Uning bilan uygʻun hattoki taqdir.
Dunyoda ovozni baxtdir tanimoq,
Dunyoda ovozga aylanmoq baxtdir.

Aslida kim ovoz?
                           Bilib qoʻygin-da,
Buning avvalida turmish,
                                bilgin, har
Munosib ovozni tuqqan volida,
Munosib ovozni oʻstirgan padar.

Toki kamol topsin shon-sharaf har on,
Iftixordan boʻlsin har bir koʻngil but.
Xonadonlar ichra har sahar, har tong,
Baxtiyor ovozga toʻlsin ona yurt.

Qoʻllaridan tuting,
              suyangiz har vaqt,
Yuksaltirmoq uchun parvozlarini.
Qanot boʻlgʻusidir
                     har bitta farzand —
Koʻhna zamin ishonch ovozlaridir.

...Ovozdan ulgʻaysin Vatan erlari
Bobolardek boʻylab yuksakka qadar.
Duoga qoʻl ochib tursin pirlari —
Bebaxtlik bu yurtdan ketsin darbadar.

Axir bu ajdodlar oʻtligʻ ovozi...
Aqllar ulgʻaydi,
                          dillar yechildi.
Shundan boʻy koʻrsatmish inson parvozi,
Shu ovoz tufayli yoʻllar ochildi.

Oftob boshimizni silasin mudom,
Bogʻlar yuziga gard inmasin,
                                              desang.
Bu yurtda baxtiyor boʻlsin har odam,
Bolalar kulgusi tinmasin,
                                            desang.
 

Desangki,
                arisin dardmandning dardi,
Boʻlsin har bir koʻngil shodlikdan obod.
Desangki,
                yuksalsin insonning qadri,
Goʻzallik atriga burkalsin hayot.

Goʻdak yoʻrgagidan xush boʻy taralsin,
Desang,
                   ona iqbol koʻrsin koʻzida.
Har dilda saodat shamsi yaralsin,
Desang,
                 ezgu nurlar oqsin soʻzida.

Istasang,
              bobolar boʻlsin xotirjam,
Momolarning shodon ertak aytmogʻin.
Istasang,
                   bu yurtda har ne boʻlib jam,
Qadimiy shon-shuhrat yana qaytmogʻin...

Shundadir, bilib qoʻy, istiqbolga yoʻl,
Baxtiyor kunlarga astoydil shaylan.
Aziz qadrdonim, sen haq ovoz boʻl,
Aziz birodarim, ovozga aylan.

Dunyoku dengizday qalqib turibdi,
Bir yonda sokinlik, bir yonda girdob.
Yonimizda balki izgʻib yuribdi,
Yoʻldan adashtirar qay ovoz bu tob.

Shu zamon yor boʻlmish eng ezgu niyat,
Toʻgʻri yoʻl koʻrsatar ruhiyat va qalb.
O, bitta ovozga evrilar millat,
O, yakdil ovozga aylangusi xalq.

Viqorli vodiylar zamzamasida,
Kechadan, bugundan, ertadan mamnun,
Qoʻshilib mangulik tantanasiga,
Hayqirib oqadi
                 Jayhun ham Sayhun.

Va birdan oʻt chaqnab qorachigʻida,
Shiddati misoli tin bilmas saman,
Oʻsib ikki daryo oralagʻida
Koʻkka yetajakdir bir ovoz:
                                      “Vatan!”

Ovozki hurlikka yetaklar bugun,
Ovozki chulgʻaydi sharafu shonga.
Ovozki kelajak, oʻzliging uchun,
Ovozki, baxshida Oʻzbekistonga.

2021-yil 16-oktyabr

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер