O‘zbekiston va Malayziya islom moliyasi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash doirasida hamkorlik qiladi
Illyustrativ foto
O‘zbekiston elchisi Ravshan Usmonov Malayziya oliy ta’lim vaziri Mohamed Xalid Nordin bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar bermoqda.
Xabarda yozilishicha, suhbat davomida oliy ta’lim sohasidagi hamkorlikning istiqbollari, shu jumladan, Malayziyaning islom moliyasi bo‘yicha ilg‘or tajribasini O‘zbekistonda tatbiq etish masalalari muhokama qilingan.
Mohamed Xalid Nordin Malayziyani ikki davlat o‘rtasidagi madaniyat va bilim tizimlari ko‘priklarini yanada kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanligini ta’kidlagan.
“Malayziya va O‘zbekiston o‘rtasida oliy ta’lim sohasidagi ikki tomonlama do‘stona munosabatlar azaldan rivojlanib kelmoqda. Malayziya tomoni oliy ta’lim sohasida ikki davlat uchun o‘zaro manfaatli bo‘lgan har qanday hamkorlikni, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlaydi”, — deydi Mohamed Xalid Nordin.
Xorijiy tomon O‘zbekiston Bank-moliya akademiyasi (BMA) va Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi o‘rtasida respublikada islom moliyasini rivojlantirish va ushbu sohada mutaxassislarni tayyorlash bo‘yicha o‘rnatilgan hamkorlikni olqishlagan.
Uchrashuv yakunida 2023 yilning iyun oyida Malayziya Yutara universiteti huzuridagi Islom biznes maktabi delegasiyasining O‘zbekistonga amaliy safarini uyushtirish va respublika mutaxassislari uchun seminar hamda treninglar o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.
Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov 2021 yil oktyabr oyida Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilish yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida islom moliyasining huquqiy asoslari qachon yaratilishi va tijorat banklarida islom moliyasi darchalari qachon ish boshlashi haqidagi savolga javob bergandi. Uning aytishicha, mamlakatda “islom moliyasini rivojlantirish bo‘yicha ishlar boshlangan. 14 bankda islom moliyasi darchalarini tashkil etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilyapti. Bunda islom moliyasi asosida kredit, depozitlar amalga oshiriladi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring