“Maktablarni yashil maskanga aylantiramiz” aksiyasi eʼlon qilindi
Xalq taʼlimi vazirligi yurtimizda eʼlon qilingan “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida daraxt ekish boʻyicha “Dolzarb 40 kunlik” doirasida umumtaʼlim maktablarida “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” aksiyasini eʼlon qildi.
Vazirlik matbuot xizmatiga koʻra, aksiya doirasida joriy yilning 10-noyabr, yaʼni oʻquv yilining 2-choragining ilk kuni Toshkent shahridagi 255-sonli umumtaʼlim maktabi hududida “Ziyo dunyosi bogʻi”ni yaratish maqsadida ilk koʻchat ekish tadbiri oʻtkaziladi. Shuningdek shu kunning oʻzida barcha maktablarda “Oʻzbekiston – yashil makon” mavzusida insholar tanlovi boʻlib oʻtadi.
13-noyabr (shanba) kuni umumtaʼlim maktablarida “Maktabni yashil maskanga aylantiramiz” shiori ostida ommaviy daraxt ekish tadbirlari oʻtkaziladi. “Mening birinchi niholim” nomi bilan ekilgan daraxtga ramziy maʼnoda oʻquvchilarning ismi shariflari yozib qoʻyiladi.
Aksiya doirasida “Mening daraxtim” mobil ilova dasturi ishlab chiqilib, 9-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Obod maktab” mobil ilova dasturini yaratish boʻyicha tanlov oʻtkaziladi.
Oʻquv yili yakunida “Eng obod maktab” nominatsiyasi boʻyicha gʻolib deb topilgan 14 ta maktab elektron doska bilan taqdirlanadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring