Maktablarga 1 milliard 300 million soʻmlik zamonaviy musiqa asbob-anjomlari taqdim etildi
Illyustrativ foto
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan besh tashabbus ijrosi doirasida Namangan viloyatida keng koʻlamli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Navbatdagi “Hokim va yoshlar” uchrashuvi ham ayni shu mavzuga bagʻishlandi. Unda viloyatning barcha shahar, tumanlaridan 385 nafar oʻquvchi-yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv-muloqotda barcha shahar va tumanlardagi umumtaʼlim maktablari, bolalar musiqa va sanʼat maktablari oʻquvchilariga besh tashabbus doirasida 1 milliard 300 million soʻmlik zamonaviy musiqa asbob-anjomlari taqdim etildi. Kelajagimiz egalarining ilmu iqtidori, musiqa va sanʼat bobidagi isteʼdodi va qobiliyatini yuzaga chiqarishdek ezgu maqsadga xizmat qiladigan bu vositalarni shahar va tumanlar xalq taʼlimi boʻlimlari mudirlari tantanali tarzda qabul qilib olishdi.
– Komillikka intilish, baland marralarni zabt etish uchun ilmu iqtidorli, qobiliyatli oʻgʻil-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularga har jihatdan qulay shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berish kerak, – deydi viloyat hokimi Xayrullo BOZOROV. – Umumtaʼlim maktablarida musiqa darslarining oʻqitilishiga alohida eʼtibor berilganligining boisi ham shunda.
Bunday eʼtibor va gʻamxoʻrlik oʻquvchi-yoshlarga yana-da ishtiyoq bagʻishlab, faollikka undadi. Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 1-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Gulsanam Nosiraliyeva, 53-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Odina Ahmadaliyeva, Namangan shahridagi 58-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Iroda Umarova, 52-umumtaʼlim maktabi oʻquvchisi Asadbek Qahharov, Namangan tumanidagi 18-umumtaʼlim maktabining 11-sinf oʻquvchisi Shahrizoda Yoʻldoshaliyeva singari oʻnlab yoshlar viloyat hokimiga dolzarb taklif va tashabbuslarini bildirdi.
Qudratilla NAJMIDDINOV. “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring