Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirining parlament soʻroviga yuborgan javoblari deputatlarni qoniqtirdimi?
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida xalq vakillari Maktabgacha va maktab taʼlimi vaziri H.Umarovaning “Maktablarda qoʻshimcha oʻquvchi oʻrnini yaratish hamda maktablarning moddiy-texnik taʼminotini mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi masala yuzasidan Qonunchilik palatasining parlament soʻroviga yuborgan javobini atroflicha koʻrib chiqdi.
Parlament soʻroviga kelgan javobda keltirilganidek, bugungi kunda yurtimizda umumiy oʻrta taʼlim maktabida 6,3 mln. nafar oʻquvchiga 509 mingdan ortiq oʻqituvchilar taʼlim berib kelishmoqda. Mavjud maktablar quvvati 5,2 mln. oʻquvchi oʻrnini tashkil etadi.
Shuningdek, 2022-yilda mahalliy budjet va homiylik mablagʻlari hisobidan 70 ta maktabda qurilish-tiklash ishlari amalga oshirildi. Yurtimizdagi 128 ta xom-gʻisht va loy-paxsadan qurilgan maktab filiali respublika budjeti mablagʻlari hisobidan namunaviy loyihalar asosida qayta barpo etildi. Ushbu ishlar natijasida 2022-yil yakuniga qadar 141 765 ta yangi oʻquv oʻrinlari va mavjud 198 mingdan ortiq oʻquvchi oʻrinli bino-inshootlar zamonaviy qiyofaga keltirildi.
Qayd etilganidek, umumtaʼlim maktablarini 2022-2023-yillar kuz-qish mavsumiga puxta tayyorlash maqsadida 1300 dan ortiq obektlarda joriy taʼmirlash ishlari amalga oshirilib, ularning isitish tizimlari, isitish qozonlari, binolarning tom qismi va eshik-derazalari taʼmirlangan boʻlsa, ayrimlari yangisiga almashtirildi.
Muhokamalarga boy boʻlgan majlisda deputatlar parlament soʻroviga javobda koʻtarilgan masalalar boʻyicha atroflicha maʼlumotlar taqdim etilganini eʼtirof etdi. Kun tartibidagi masala tegishli qoʻmitaning doimiy nazoratida boʻlishi qayd etilib, parlament soʻroviga yuborilgan javob maʼlumot uchun qabul qilindi.
Shu bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisi oʻz ishini yakunladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring