Mahsulotlar qiymatining 5 foizigacha boʻlgan qismiga qoʻllanilishi kerak boʻlgan jarimalar korxonalar ixtiyorida qoladi

09:08 02 May 2023 Siyosat
447 0

Joriy yilning 1-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasining navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda deputatlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotiga daxldor boʻlgan bir qator qonun loyihalarini muhokama qildilar.

Yigʻilishda koʻrib chiqilgan dastlabki hujjat — “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga qoʻshimcha va oʻzgartish kiritish haqida”gi qonun loyihasi boʻldi.

Fraksiya aʼzolari qonun loyihasini koʻrib chiqish chogʻida partiya maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, uning bugungi kundagi zarurati va ahamiyatini eʼtiborga olib, uni yanada takomillashtirish, pishiq-puxta holatga keltirish hamda maromiga yetkazish boʻyicha bir qator takliflar berdi.

Deputatlarning aytishicha, ushbu qonun loyihasi bilan Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 7-mayda qabul qilingan “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga eksport shartnomasi doirasida jami mahsulotning 5 foizidan oshmagan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllamaslik boʻyicha qoʻshimcha va oʻzgartish kiritilmoqda.

Qonun loyihasida taklif etilayotgan yangi normalar esa partiya elektorati boʻlgan tadbirkorlarning eksport faoliyatini qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash va mahalliy mahsulotlarning xorijiy bozorlarda raqobatbardoshligini oshishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda soʻnggi 6 yil ichida katta iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, tadbirkorlik subyektlarining eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi parlament quyi palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Haitov. —Ushbu qonun loyihasida bir eksport shartnomasi doirasida jami mahsulotning 5 foizidan oshmagan debitor qarzdorlik uchun tadbirkorlik subyektiga nisbatan jarima qoʻllamaslik nazarda tutilayotgani diqqatga sazovordir. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi orqali eksport shartnomasi doirasida eksportga yuklangan mahsulotlar qiymatining 5 foizigacha boʻlgan qismiga qoʻllanlishi kerak boʻlgan jarima summalari korxonalar ixtiyorida qoladi. Bu esa bugun oʻz faoliyatini yanada rivojlantirishni istagan barcha darajadagi tadbirkorlar uchun sogʻlom raqobat muhitidagi teng imkoniyat demakdir.

OʻzLiDeP mamlakatdagi yetakchi siyosiy kuch sifatida tadbirkorlikni keng rivojlantirish, biznes vakillarining erkin faoliyat yuritishlari uchun zarur sharoitlar yaratishni muhim vazifa, deb biladi. Jumladan, partiya saylovoldi dasturida eksport-import tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar boʻyicha davlat xaridlarini kengaytirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Shu jihatdan, fraksiya aʼzolari qonun loyihasini muhokama qilish davomida unda nazarda tutilayotgan yangi normalar partiya dasturiy maqsadlariga hamohangligiga alohida eʼtibor qaratdi. Loyihani yanada takomillashtirish yuzasidan oʻz fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi. Qizgʻin baxs-munozalardan soʻng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

Yigʻilishda fraksiya vakolatiga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер