Mahallabay ishlash orqali odamlarning taqdirini oʻzgartirish mumkin

12:29 02 Iyul 2021 Jamiyat
868 0

Mahallabay ishlash tizimi mahallalardagi muammolar, aholi turmushidagi muhim masalalarni birgalikda hal etish, har bir hududni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirish, mahallaning “oʻsish nuqta”larini aniqlash imkonini beradi. Shu asosda har bir mahallaning oʻziga xos hayot tarzidan kelib chiqib, hududlarni rivojlantirish dasturlari va kambagʻallikni qisqartirish rejalari ishlab chiqiladi.

Shahrixon tumanidagi Dorilamon mahallasida 482 ta xonadon boʻlib, ularda 3014 nafar aholi istiqomat qiladi. Mehnatga layoqatli fuqarolar soni 1245 nafar, shundan 45 nafari ishsiz.

Joylardagi muammolarni mahallabay, xonadonbay aniqlash va bartaraf etish maqsadida Andijon viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari O.Tursunov hamda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O.Otaxonovalar ushbu mahallada boʻlishdi.

Uchrashuvlar davomida hududdagi xotin-qizlar va yoshlar bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, «mahallabay» ishlash tizimi asosida xatlov oʻtkazilib, mahallaning oʻsish nuqtasini aniqlash va uni rivojlantirish masalalariga eʼtibor qaratildi.

Oʻzaro muloqotlar chogʻida 26 nafar fuqaro oilaviy tadbirkorlik bilan shugʻullanish, 77 ta xonadon egalari esa “lider tadbirkorlar” bilan parrandachilik, tikuvchilik, issiqxona yoʻnalishida ishlash istagini bildirdi. Mutasaddilar koʻmagida biznesni boshlash harakatida yurgan 26 nafar fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratiladigan boʻldi.

— Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan mahallabay tizimi hokimiyat organlari va jamoatchilik boshini qovushtirib, aholi manfaatlari yoʻlida faoliyat yuritishlariga zamin yaratyapti, – deydi Odinaxon Otaxonova. – Eng muhimi, bunday yaxlitlik umumxalq harakatiga aylanib, joylarda yillar davomida toʻplanib qolgan masalalarga oʻz vaqtida yechim topish koʻlamini oshirmoqda. Chunki hamma masalalar mahallaning oʻzida hal boʻlsa, odamlar oʻz muammosi bilan idorama-idora sarson boʻlib yurmaydi. Bu tizim orqali har bir insonning dardini tinglash, uning qismatini tubdan oʻzgartirish mumkin.

Deputat O.Otaxonova shuningdek, tumandagi bir qator mahallalarda boʻlib, aholi bilan yuzma-yuz muloqot qildi, odamlarni qiynayotgan muammolar bilan qiziqdi. Aniqlangan muammolarni tegishli tashkilotlar bilan birgalikda hal etdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер