Lizing tashkilotining navbatdagi “oʻyin”i
“Uchar“ tadbirkorlardan aldangan fuqarolar Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasiga murojaat qilib, oʻz huquqlari himoyasida koʻmak soʻramoqda
Boshlangʻich toʻlovini yoki avtomobilini qaytarib olgan isteʼmolchilar haqidagi maqolalarga koʻp bora duch kelgansiz. Bu safargi avtomobil bilan bogʻliq murojaat sal boshqacharoq mazmunda.
Fuqaro Z.Tillayeva yaxshi niyatda jamgʻargan mablagʻlari evaziga avtomobil xarid qilish maqsadida “Vobkentavtotexxizmat“ MCHJ bilan shartnoma imzolab, “Neksiya 3“ avtomobili uchun toʻlovni amalga oshirgan edi.
Avtomobili oʻz vaqtida yetib kelishini intizorlik bilan kuta boshlagan isteʼmolchi kutib toqati toq boʻldi. Fuqaro Vobkent tuman Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qiladi. Soha mutaxassislarining aralashuvi bilan Z.Tillayevaga avtomobili olib berildi.
Yana bir holat. Rishton tumani Jalayer qishlogʻida yashovchi U.Meliqoʻziyev “UMID SAVDO FAYZ INVEST” MCHJ bilan 4 tonnalik ISUZU QR 71PL yuk tashish mashinasini lizing shartlarida sotib olish uchun shartnoma imzolaydi.
Shartnomada koʻrsatib oʻtilgan 114 980 000 (bir yuz oʻn toʻrt million toʻqqiz yuz sakson ming) soʻm pulni ham toʻlab beradi. Shartnomaga koʻra yuk avtomashinasi 180 kunlik muddatda yetkazib berilishi belgilanadi. Lekin ...
Oradan shartnomada koʻrsatib oʻtilgan muddat oʻtib borayotgan boʻlsa-da, isteʼmolchining yuk avtomashinasidan darak boʻlmaydi. U oʻz kuchi bilan shartnomaning ikkinchi tarafiga majburiyatlarini toʻliq ado qilishini tushuntirishga urinib koʻradi, lekin bundan natija chiqara olmaydi. Shundan soʻng u Fargʻona shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma ravishda murojaat qilib, yuzaga kelgan holat yuzasidan amaliy yordam koʻrsatilishini soʻraydi.
Isteʼmolchining murojaati shahar jamiyati mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqilishi jarayonida masʼuliyati cheklangan jamiyati mutasaddilariga murojaat qilinib, isteʼmolchining qonuniy talablarini qondirish, aks holda masala yuzasidan sudga murojaat qilinishi bildirildi. Lekin lizing tashkiloti ixtiyoriy ravishda isteʼmolchining qonuniy talablarini qondirishni lozim topmadi. Shahar jamiyati tomonidan tegishli hujjatlar tayyorlanib, sudga daʼvo arizasi kiritilgach esa tomonlar oʻrtasida kelishuvga erishilib, lizing tashkiloti tomonidan 114 980 000 soʻm mablagʻ isteʼmolchining shaxsiy bank plastik kartochkasiga tushirib berildi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring