Leyboristlar Buyuk Britaniya bosh vaziri Liz Trassning isteʼfosi fonida umumiy saylov oʻtkazishni talab qilmoqda
Foto: Reuters
Joriy yilning 20-oktyabr kuni Buyuk Britaniya bosh vaziri va Konservativ partiya rahbari Liz Trass oʻz lavozimidan isteʼfoga chiqqanini eʼlon qildi.
Siyosatchi bu qarorni lavozimga kirishganidan olti hafta oʻtib qabul qildi. Yaʼni, Trass oʻz lavozimida 45 kun faoliyat olib bordi. Shu tariqa, u Britaniya tarixidagi eng qisqa muddat bosh vazir boʻlgan siyosatchiga aylandi. Bungacha antirekord faoliyatining 119-kunida vafot etgan Jorj Kanningga tegishli edi. U 1827-yilda Buyuk Britaniya bosh vaziri boʻlgan.
Siyosatchi zimmasidagi vazifalarni bajara olmaganini tan olgan.
«Men Qirol hazratlari (Karl III) bilan bogʻlanib, Konservativ partiya rahbari lavozimini tark etayotganimni maʼlum qildim», degan Liz Trass
U ushbu lavozimga oʻz vorisi tayinlanmaguncha bosh vazirlik vazifalarini bajarishda davom etadi. Trassning soʻzlariga koʻra, saylov kelasi hafta boʻlib oʻtadi.
Muvaffaqiyatsiz yoʻl
Konservativ partiya rahbarining isteʼfoga chiqishidan bir necha hafta oldin muvaffaqiyatsizliklar kuzatildi. Xususan, Trass vazirlar mahkamasi sentyabr oyi oxirida kiritgan ulkan islohot moliya bozorlarida tartibsizlikka olib keldi.
25-sentyabrda funt sterlingning qadri keskin pasayib, dollarga nisbatan tarixiy minimal darajaga yetdi. Angliya banki vaziyatning oldini olish uchun davlat obligatsiyalari bozoriga aralashishga majbur boʻldi. Rejani amalga oshirish oqibatlari orasida Britaniya byudjeti yiliga taxminan 45 milliard funt sterling daromadni yoʻqotishi ham bor edi.
Bosh vazirning dasturlari ham uning reytingini pasayishiga olib keldi. Soʻrov natijalariga koʻra, 14-16-oktyabr kunlari jamiyatda siyosatchini qoʻllab-quvvatlash darajasi 10 foizga tushgan boʻlsa, 11-12-oktyabr kunlari oʻtkazilgan avvalgi soʻrovda britaniyaliklarning 15 foizi Trassga ijobiy munosabatda ekanini koʻrsatgan edi.
Buyuk Britaniya moliya vaziri Kvazi Kvarteng munozarali soliq islohoti tufayli isteʼfoga chiqdi. 17-oktyabr kuni esa yangi moliya vaziri Jeremi Xant bosh vazirning shov-shuvli rejasining aksariyat bandlari rad etilganini eʼlon qildi.
Gʻaznachilik rahbari korporativ soliqni kamaytirmaslikka, daromad soligʻining maksimal stavkasini tiklashga, daromad soligʻining bazaviy stavkasini iqtisodiyot oʻzgarmaguncha 20 foiz darajasida qoldirishga qaror qildi. Vazir, shuningdek, energetika sohasida tariflar boʻyicha cheklovlar faqat aprelgacha amalda boʻlishini, shundan soʻng hukumat aholining zaif qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashning boshqa usullariga murojaat qilishini aytdi.
19-oktyabr kuni Trass Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasida soʻzga chiqib, ilgari taklif qilingan iqtisodiy rejadagi xatolarini tan oldi. Ammo milliy manfaatlar uchun harakat qilganini taʼkidladi.
Yangi nomzodlar
Konservativ partiya rahbari oʻz nutqini soʻzlayotgan bir paytda Britaniya bukmekerlik idoralari yangi bosh vazirlik uchun asosiy daʼvogarlar roʻyxatini tuzib chiqishgan.
Unda asosiy favorit sifatida Moliya vazirligining sobiq rahbari Rishi Sunak qayd etilgan. Undan soʻng roʻyxatda Buyuk Britaniya parlamentining quyi palatasi rahbari Penni Mordant joylashgan. Shuningdek, yetakchi oʻrinlarni Buyuk Britaniya Mudofaa vaziri Ben Uolles va sobiq bosh vazir Boris Jonson joy olgan.
“The Times” siyosiy sharhlovchisi Stiven Svinfordning soʻzlariga koʻra, koronavirus pandemiyasi paytida shov-shuvli bazmlardan keyin isteʼfoga chiqqan Buyuk Britaniya sobiq bosh vaziri allaqachon ishonchli odamlar bilan maslahatlashmoqda.
Leyboristlar Trassning isteʼfosi fonida umumiy saylov oʻtkazishni talab qilmoqda
“Biz Konservativ partiyaning hokimiyatda yana bir tajriba oʻtkazishiga yoʻl qoʻya olmaymiz. Muqobil variant bor, bu barqaror leyboristlar hukumati. Va xalq oʻz fikrini aytishga haqli. Shuning uchun ham umumiy saylov boʻlishi kerak”, deydi Leyboristlar partiyasi rahbari Key Starmer.
“Keyingi juma, 28-oktyabrga qadar ovoz berish va saylovni yakunlash mumkin”, deydi 1922 qoʻmitasi raisi Grem Bredi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring