Laziz Kudratov Buyuk Britaniyaning mamlakatimizdagi elchisi Timoti Torlatonni qabul qildi

12:28 20 Yanvar 2023 Siyosat
722 0

Joriy yilning 19-yanvar kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Timoti Torlatonni qabul qildi.

Uchrashuvda investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy sohalarda qoʻshma loyiha va kelishuvlarni amalga oshirish, Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya hamkorligini kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.

Oʻzaro savdoda ijobiy dinamika qayd etildi. Oʻtgan yil davomida tovar ayirboshlash hajmi qariyb 15 foizga oshib, 203,2 million dollarni tashkil etdi. Koʻrsatkichlarni, jumladan, Buyuk Britaniyaga eksportni diversifikatsiya qilish va Buyuk Britaniyaning Kengaytirilgan umumiy imtiyozlar tizimi (GSP Enhanced Framework) benefitsiarining barcha imkoniyatlaridan foydalanish orqali oshirish boʻyicha kelishuvga erishildi. Masalan, mazkur tizim doirasida 2022-yilda Oʻzbekiston mahsulotlarini Buyuk Britaniyaga yetkazib berish 30 foizga oshgan.

Investitsiyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalasi muhokama qilindi. Soʻnggi bir necha yil ichida Oʻzbekistonda Britaniya kapitali ishtirokidagi korxonalar soni 50 foizdan ortiq oʻsib, 331 taga yetdi. Ular iqtisodiyotning turli tarmoqlari, jumladan, qishloq xoʻjaligi, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va boshqa sohalarda faoliyat yuritmoqda.

Tomonlar «Standard Chartered» va «UK Export Finance» moliyaviy institutlarini togʻ-kon va metallurgiya sanoatidagi loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, temir yoʻl transportini rivojlantirishga jalb etish imkoniyatlarini muhokama qildilar.

Uchrashuvda oʻtgan yil oxirida Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Savdo va sanoat boʻyicha Oʻzbekiston-Buyuk Britaniya kengashi (UBTIC) yigʻilishi yakunlari yuqori baholandi. Uning doirasida turli soha va yoʻnalishlarda, jumladan, bank sektori va taʼlim sohalarida ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan 8 ta ikki tomonlama hujjat imzolandi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar 2023-yilning ikkinchi yarmida Londonda UBTICning yuqori darajadagi uchrashuvini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrishda yaqin hamkorlikni davom ettirish niyatini tasdiqladilar.

Muzokaralar yakunlari boʻyicha amaldagi kelishuvlarning ijrosini taʼminlashga koʻmaklashish va hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini rivojlantirish maqsadida muntazam uchrashuvlar amaliyotini davom ettirish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер