Latviya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – adliya vaziri Yanis Bordans Adliya vazirligiga tashrif buyurdi
Latviya Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari – adliya vaziri Yanis Bordans hamda Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.Toshqulov oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvda, shuningdek, xorijiy tomondan Latviya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Reynis Troksha, Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining maxsus topshiriqlar boʻyicha elchisi Edgars Bondars hamda Latviya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tashqi iqtisodiy aloqalar boʻlimi boshligʻi Zane Venterelar ishtirok etdilar.
Avval xorijiy mehmonlarga vazirlik faoliyati va vazifalari toʻgʻrisida batafsil maʼlumotlar, xususan, norma ijodkorligi va ushbu jarayonlarni raqamlashtirish, intellektual mulkni muhofaza qilish, davlat xizmatlari koʻrsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish toʻgʻrisida axborot berildi.
Yanis Bordans, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlarni mamnuniyat bilan eʼtirof etib, Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasidagi hamkorlik rishtalarini mustahkamlashda muhim rol oʻynab yetakchiga aylanib borayotganligini taʼkidladi.
Uchrashuv davomida tomonlar ikki davlat adliya vazirliklari oʻrtasida oʻzaro hamkorlik istiqbollarini muhokama qilib, ushbu hamkorlikni yanada samarali amalga oshirish maqsadida ikki vazirlik oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum loyihasini koʻrib chiqishni yakunlash va uni imzolash boʻyicha tegishli faoliyatlarni amalga oshirishga kelishib oldilar.
Hamkorlikdagi kelishuv doirasida qonun ustuvorligini taʼminlash, adliya va huquq sohasida raqamlashtirish, davlat xizmatlari koʻrsatish, yuridik kadrlarni tayyorlash va boshqa yoʻnalishlarda oʻzaro tajriba almashishga alohida urgʻu berildi.
Shuningdek, xorijiy tomon xalqaro tashkilotlarning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari bilan qoʻshma loyihalari doirasida Latviya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasidagi elchixonasini ham hamkorlikka jalb qilinishi boʻyicha takliflarni ilgari surdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar oʻzaro manfaatli hamkorlikni yanada jadallashtirishga kelishib oldilar.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring