Latviya Oʻzbekistondan qovun importi hajmini oshiradi

11:19 19 Iyul 2020 Iqtisodiyot
1965 0

Rigadagi Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagi bilan Latviyaning “ELBI” kompaniyasi Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumanidagi fermerlar yetishtirgan qovunlarni Latviya bozoriga yetkazib berishni boshladi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.

Latviyaning “ELBI” kompaniyasi 1992-yilda tashkil etilgan boʻlib, meva va sabzavotlarni Yevropa bozoriga import qiluvchilar qatorida yetakchilardan biri hisoblanadi. Xususan, kompaniya mahsulotlarni Riga va Latviyaning boshqa mintaqalari, shuningdek, Estoniya va Litva davlatlaridagi doʻkonlar, supermarketlarga yetkazib beradi. Ilgʻor texnologiyalardan foydalangan holda Yevropa ishlab chiqaruvchilari, shuningdek, Argentina, Janubiy Afrika, Chili, Misr va boshqa mamlakatlar mahsulotlarini ham import qiladi.

Bu gal Sirdaryo qovunlari Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini Yevropa bozoriga ishonchli yetkazib beruvchi “Red Pack” kompaniyasi tomonidan eksport qilindi.

Elchixonaning importyor kompaniya maʼlumotiga asoslanib xabar berishicha, qovunlar “Maxima” va “RIMI” singari Boltiqboʻyining yirik chakana savdo doʻkonlarida, shuningdek, Riga markaziy bozorida sotiladi.

Boltiqboʻyi mamlakatlari importchilari Oʻzbekistondan keng turdagi mahsulot turlarini uzluksiz yetkazib berilishi va koronavirus infeksiyasining tarqalishi bilan bogʻliq vaziyatga qaramasdan Oʻzbekiston ishlab chiqaruvchilarining yangi bozorlarni kashf qilishga boʻlgan intilishini yuqori baholashmoqda.

“ELBI” boshqaruvi raisi Sergey Kulikov taʼkidlaganidek, uning kompaniyasi haftasiga qovun importini 200-300 tonnagacha oshirish niyatida.

Oʻzbekistonning Rigadagi diplomatik vakolatxonasi savdo-iqtisodiy aloqalar sezilarli darajada oʻsganini, Oʻzbekiston bilan Latviya oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalari jadal oʻsayotganini, aloqalarni yana-da institutsional tarzda tashkil qilish faol rivojlanayotganini qayd etdi. Xususan, yaqin kelajakda Oʻzbekiston tomonidan Savdo-sanoat palatasi va Latviya tomonidan Ish beruvchilar konfederatsiyasi ishtirokida Oʻzbekiston-Latviya ishbilarmon doiralar hamkorlik kengashini ishga tushirish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер