Kuzgi shudgor — hosildorlik garovi
Foto: Xalq so‘zi
Kuzgi shudgor – qishloq xoʻjaligi sohasida muhim oʻrin tutuvchi agrotexnik tadbirlardan biri boʻlib, mutaxassislar taʼbiri bilan aytganda, ayniqsa, noyabr oyida haydalgan yer tuproqdagi namlikni uzoq saqlash imkonini beradi. Qolaversa, kuzgi shudgorda tuproq yaxshi uvalanadi, kesak koʻchmaydi, dala sathi tekis chiqadi.
Shunga koʻra ayni kunlarda shudgorlash ishlarini sifatli oʻtkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Jizzax viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari xodimlari tomonidan tizimli monitoring ishlari olib borilmoqda.
— Oʻrganishlarga koʻra, viloyat boʻyicha jami 129 ming 480 gektar maydonni kuzgi shudgordan chiqarish rejalashtirilgan, — deydi “Oʻzagroinspeksiya”ning Jizzax viloyat boshqarmasi katta inspektori Sanjar Mirzakarimov. — Shu kunga qadar 63 ming 359 gektar yerda shudgorlash ishlari amalga oshirildi. Buning uchun 388 ta yuqori unumli haydov traktorlari jalb etildi. Bu borada inspeksiyaning viloyat boshqarmasi va tuman boʻlimlari tomonidan 730 ta fermer xoʻjaligi va klasterlarning 37 ming 359 gektar yer maydonlarida nazorat tadbirlari oʻtkazildi.
Nazorat tadbirlari davomida shudgorlash ishlari muddatida bajarilmay, paysalga solingan, sifatsiz yoki toʻliq kontur hosil qilmasdan shudgor qilingan, sayoz yoxud shudgorlanganu, ammo sertifikat asosida qabul qilinmagan hamda yoqilgʻi yetkazib berish bilan bogʻliq xato va kamchiliklar yuzasidan 730 ta fermer xoʻjaligi rahbarlari ogohlantirildi, 6 ta tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Tolibjon ERGASHEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring