Kuchli shamol Paxtachidagi ikki qavatli uyning tomini uchirdi
Kecha tunda yuzaga kelgan kuchli shamol Samarqand viloyatining ayrim hududlarida ham kutilmagan holatlarni yuzaga keltirdi.
Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmatining xabar berishicha, 2020-yilning 27-aprel kuni soat taxminan 22:25 dan 28-aprel soat 01:25 ga qadar Samarqand viloyatida ham kuchli shamol kuzatilgan. Shamolning tezligi ayrim hududlarda 14-20 m/sekundgacha yetdi.
Buning oqibatida Paxtachi tumani Istiqlol mahallasidagi ikki qavatli uyning tom qismi toʻliq (600 metr kvadrat) hamda Mirzo Ulugʻbek mahallasidagi ikki qavatli uyning tom qismi 70 foiz (500 metr kvadrat) uchib, binoning orqa qismidagi hovli hududiga tushgan.

Yuzaga kelgan vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida tuman hokimligi, favqulodda vaziyatlar boʻlimi, IIB va boshqa mutasaddi tashkilotlardan xodimlar va zarur texnika vositalari jalb qilindi.
Shuningdek, kuchli shamol natijasida Past Dargʻom tumani Beshnayman mahallasidagi 180 xonadonni elektr toki bilan taʼminlovchi yuqori kuchlanishli transformatorga kiruvchi elektr simi uzilgan. Hozirda ushbu holatni bartaraf etish boʻyicha tuman elektr taʼminoti korxonasi tomonidan zarur choralar koʻrilmoqda.
Kuchli shamol oqibatida fuqarolarning tan jarohati olganligi yuzasidan viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga maʼlumot kelib tushmagan.
Abdulaziz Yoʻldoshev
(Xalq soʻzi)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring