Kuala-Lumpurda oʻzbek milliy raqs festivali boʻlib oʻtdi

22:42 22 Iyul 2022 Dunyo
907 0

Kecha Oʻzbekiston elchixonasi koʻmagida Malayziya Menejment va fan universitetida Oʻzbekistoning “Nurafshon” raqs guruhi ishtirokida oʻzbek milliy raqs sanʼatiga bagʻishlangan xalqaro madaniyat festivali boʻlib oʻtdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbirda Kuala-Lumpurda akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik korpus vakillari, Malayziya madaniyat va sanʼat namoyandalari, universitet rahbariyati, professor oʻqituvchilar va talabalar ishtirok etdi.

Festivalda Oʻzbekistonning boy madaniyati, sanʼati va sayyohlik salohiyati, respublikaning noyob madaniy-maʼnaviy merosini asrab-avaylash, targʻib etish hamda yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar haqida soʻz yuritildi.

Tadbir doirasida “Nurafshon” oʻzbek raqs guruhining rang-barang dasturi taqdim etildi. Dasturdan anʼanaviy raqs sanʼati, oʻzbek xalqining anʼana va urf-odatlari, shuningdek, oʻzbek milliy liboslari namoyish etildi.

Jumladan, YUNESKOning Nomoddiy madaniy merosi roʻyxatiga kiritilgan afsonaviy Xorazm raqsi - “Lazgi” ijro etildi. Ishtirokchilar qadimiy Xorazm hududida “Lazgi” raqsining paydo boʻlish tarixi bilan tanishdi.

Bundan tashqari, tadbir mehmonlariga hunarmandchilik va xalq amaliy sanʼati buyumlari, jumladan, ipak matolardan tayyorlangan kiyim namunalari, kulolchilik, yogʻoch oʻymakorlik va naqqoshlik mahsulotlari, misdan ishlangan buyumlar, miniatyura asarlari, xalq amaliy sanʼati namunalari, shuningdek, anʼanaviy musiqa asboblari taqdim etildi.

Universitet asoschisi va prezidenti Mohd Shukri Malayziya va Oʻzbekiston xalqlarining madaniy mushtarakligi, anʼanalari hamda maʼnaviy qadriyatlari yaqinligini alohida qayd etdi. Uning aytishicha, mamlakatlarimiz oʻrtasida diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi tadbirlari doirasida Malayziyada oʻzbek sanʼati va madaniyatini targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan ushbu tadbir oʻz vaqtida oʻtkazildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер