Kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash tartibi takomillashtirilmoqda
Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»
Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalar va ruxsat berish tartib-taomillari tizimini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Keyingi yillarda mamlakatimizda kripto-aktivlar aylanmasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Qonunchilik hujjatlari bilan mayning va kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyati belgilangan hamda faoliyatning mazkur turlari lisenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari asosida amalga oshirilishi qayd etilgan. Xizmatlar provayderlari turlari sifatida kripto-birja, mayning-pul, kripto-depozitariy va kripto-do‘kon belgilangan.
Shu munosabat bilan “Davlat boji to‘g‘risida”gi va “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlarga lisenziyalanadigan faoliyatning yangi turlari va kichik turlari (kripto-birja, mayning-pul, kripto-depozitariy va kripto-do‘kon) hamda ruxsat berish xususiyatiga ega hujjat asosida amalga oshiriladigan mayning faoliyati belgilanishini nazarda tutuvchi qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining kripto-aktivlar aylanmasi sohasida litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish masalalariga doir vakolatlari mustahkamlanmoqda.
Qonunning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, mayning-pul, kripto-depozitariy, kripto-do‘kon faoliyatlarini amalga oshirish uchun ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni olish talab etiladigan yangi faoliyat turi sifatida ham qo‘shilmoqda.

Shu bilan birga, mayningni ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatsiz amalga oshirganlik yoki ruxsat berish xususiyatiga ega hujjatlarni qalbaki hujjatlardan foydalanganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining 150 barobari miqdorida jarima qo‘llanilishi belgilab qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, “Davlat boji to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha kiritilib, kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlari faoliyatini amalga oshirish uchun lisenziya olayotgan yuridik shaxslar uchun davlat boji joriy etilib, uning miqdori va to‘lov tartibini belgilash vakolati Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga berilmoqda.

O‘z navbatida, Senat a’zolari tomonidan Qonun muhokamasi jarayonida kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar bilan kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyatni, shu jumladan, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillari asosida amalga oshiriladigan faoliyat turlari va kichik turlarini belgilashning tartibga solishdagi bo‘shliqlar bartaraf etilishi qayd etildi.
Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring