Kredit mablagʻlarini oʻzlashtirish holatlari aniqlandi
Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Gʻijduvon tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “I.Т.” va “А.L.” MCHJlar rahbari I.K. chorvachilik faoliyatini rivojlantirish uchun hududiy tijorat banki filialidan ajratilgan 4,2 mlrd soʻm kredit mablagʻlari evaziga xarid qilingan chorva mollarini sotib yuborib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Departamentning Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan “Oʻzmilliybank” AJ Uchqoʻrgʻon bank xizmati markazining murojaatiga oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Z.7.” MCHJ rahbari J.S., "T.N." MCHJ rahbari S.Т. va boshqalar umumiy ovqatlanish shoxobchasi va tayyor taomlar yetkazib berish xizmatini tashkil etish maqsadida ajratilgan 800 mln soʻm kredit mablagʻini oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Shu kabi, Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “R.T.” MCHJ rahbari U.М., “T.M.” MCHJ rahbari I.М. va boshqalar tijorat banki filialidan tikuvchilik faoliyatini rivojlantirish va dastgohlar sotib olish uchun ajratilgan kredit mablagʻlari evaziga olingan 800 mln soʻmlik 81 dona va 291,8 ming AQSH dollari qiymatidagi 26 dona tikuv dastgohlarini sotib yuborib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganliklari aniqlangan.
Departamentning Chirchiq shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda AT “Xalq banki” Chirchiq shahar filialidan “I.” MCHJga ajratilgan 735 mln soʻm kredit mablagʻlari evaziga MCHJ rahbari А.E. goʻyoki “М.S” va “Sh.D” MCHJ qum, sement va sheben qabul qilib olganligi toʻgʻrisida soxta hujjatlarni rasmiylashtirib, ushbu mablagʻlarni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring