Kovrak oʻsimligi yoʻqolish arafasidami?
Dehqonobod tumani ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi boshligʻi Oʻktam Joʻlliyevning taʼkidlashicha soʻnggi yillarda mahalliy aholi tomonidan, kovrakning yoʻgʻon ildizidagi yelim olinishi natijasida qurib qolmoqda.Ildizi kesilib, yelimi olinganidan keyin u yerdan kovrak oʻsib chiqmayapti. Shuningdek, kovrak oʻsadigan tabiiy maydonlar qisqarib, ushbu dorivor oʻsimlik populyatsiyasi anchayin siyraklashmoqda. Kovrak urugʻlarini olib koʻpaytirib, kovrakzorlar barpo etish esa biz oʻylagandek oson ish emas. Chunki ekilgan urugʻning hammasi ham koʻkarib chiqavermasligi mumkin. Koʻkarib chiqqanlari ham haqiqiy kovrakka aylanguniga qadar bir necha yil talab etiladi.
Qashqa vohasi maftunkor tabiatining tabiiy neʼmatlaridan sanaladigan kovrak voha iqlim sharoitida kam uchraydigan noyob oʻsimlik. U xalq orasida oʻzining shifobaxshligi bilan mashhur. Tabiatda ikki xilda uchraydigan kovrakning mahalliy xalq tilida uljon va sassiq kovrak degan turlari bor. Buni qarangki, odatda uljon kovrak oʻsadigan joyda sassiq kovrak oʻsmas ekan, ular alohida-alohida hududlarda tarqalgan. Bu oʻsimlikning nozik tabiati shundaki, joy tanlaydi, qoʻshni hududlarga tarqalib, oʻsib ketavermaydi. Oʻzbekiston, Tojikiston, Qozogʻistonda togʻ tuproqli, togʻ oldi joylarda oʻsadi. Qashqadaryoning Dehqonobod tumani, Oqmachit, Choʻbin va Nayman qishloqlarida koʻp uchraydi.

Mahalliy aholi uljon kovrakni bahorda, yer yuziga unib chiqishi yaqinlashishi bilan sevib isteʼmol qiladi. Uning oʻziga xos xususiyatidan biri – ildizlaridan shira ajralib chiqishida. Kovrak ildizlarining havoda qotib qoladigan yelimi – “asfetida” degan qatronsimon yelimsimon moddalar va efir moylaridan iborat. Qatrondan ferfulat kislota, qatron spirtlar va bularning ferul efirlari hamda kumarin – umbellferon ajratib olingan. Yelimning efir moyida oʻsimlikka sarimsoq hidi berib turadigan organik sulfidlar, II- kumarin va boshqa birikmalar mavjud. Kovrak ildizida kraxmal moddasi ham bor.
Kovrak yelimi xalq tabobatida baʼzi asab kasalliklarida talvasaga qarshi vosita tariqasida, shuningdek, gijja haydaydigan dori sifatida qadimdan ishlatib kelingan. Bronxial astma, sariq kasalligi, koʻk yoʻtal, sil, zaxmda foydalaniladi. Shuningdek, u diabetga qarshi, qon toʻxtatadigan, oʻt haydaydigan vosita sifatida buyuriladi. Ibn Sino uning yelimini boʻgʻim ogʻriqlari davosiga ishlatish, ishtaha ochadigan va siydik haydaydigan vosita tariqasida buyurishga tavsiyaetgan, lekin kovrak yelimini qovuqqa zarar qiladi deb hisoblagan.

Zamonaviy tabobatda kovrak ildizi yelimidan tinktura, pilyula va emulsiyalar tayyorlab astmaga, isteriya va asab sistemasining boshqa kasalliklari davosiga ishlatiladi. Kovrakdan tayyorlangan galen preparatlarining arterial bosimni pasaytirishi, qiltomirlar moʻrtligini bartaraf etib, mikroblar koʻpayishiga yoʻl qoʻymasligi tajriba sharoitida aniqlangan. Kovrak ildizi va mevasidan ichish uchun kukun dori va qaynatma tayyorlanadi, bargi va mevasidan tayyorlangan qaynatmalar badan terisiga qoʻyiladigan bogʻlamlarda ishlatiladi.
Yuqoridagi maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, kovrak oʻta dorivor oʻsimlik. Ammo uning taqdiri bugungi kunda xavf ostida turibdi. Kovrakdan olingan yelim bozorlarda xufyona tarzda sotilmoqda. Ildizi kesilgan kovrakdan olinadigan dastlabki yelimning bir kilosi 800 ming soʻm boʻlsa, keyingi olinadigan yelimning bahosi 600 ming soʻm, undan keyingilarining narxi oʻrtacha 300 ming soʻmni tashkil etmoqda.
Uljon kovrak yoʻqolib ketishining oldini olish uchun qonuniy choralar koʻrilishi lozim, yaʼni maʼmuriy va jinoiy kodekslarga tegishli moddalar kiritilmas ekan, kovrakdan yelim olish yildan-yilga koʻpayib boraveradi. Natijada uljon kovrak oʻsadigan maydonda ularning urugʻini ham topish amrimahol boʻlib qoladi.
Dilfuza Jumayeva,
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Qashqadaryo viloyat tashkiloti matbuot xizmati rahbari.
A. Muhammadiyev,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring