Koronavirusning teriga ta'siri maʼlum qilindi
Oʻzbekistonda tibbiyot muassasalarida COVID-19 virusli infeksiya bilan kasallangan bemorlarni tashhislash va davolashning yangi usullari ishlab chiqildi va amalda qoʻllanilmoqda.

Maʼlum boʻlishicha, karantin tugaganidan keyin niqob va qoʻlqoplarda yurish, dezinfeksiyalovchi vositalardan foydalanish kabi profilaktika choralari koʻrilsa-da, ammo kasallikning yuqishi xavfi qoladi.
Shu masalalarni hal etish yoʻlida Respublika ixtisoslashtirilgan dermatovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi olimlari ham COVID-19 virusli infeksiyasiga qarshi kurashda qoʻllaniladigan davolash-profilaktika chora-tadbirlarining yangi usullari ustida tadqiqotlar olib bormoqda. Markazda bir qancha fundamental va amaliy tadqiqotlar yakunlanmoqda. Olib borilgan ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari teri va shilliq pardalari yalligʻlanish jarayonlari bilan kechadigan teri kasalliklarining yangi etiopatogenetik jihatlarini aniqlab bermoqda va tashxislash hamda mahalliy resurslardan foydalangan holda davolash taktikasining yangi usullarini yaratishga asos boʻlib kelmoqda.
Maʼlumki, COVID-19 infeksiyasining yuqish manbai kasallangan inson yoki hayvon boʻlib, u insonlarga asosan havo-tomchi va kontaktli yuqish yoʻllari orqali oʻtadi. Shu tufayli kasallikning oldini olish maqsadida barchamiz dezinfeksiya vositalaridan, niqob va rezinka qoʻlqoplaridan muntazam foydalanyapmiz. Biroq dermatologik nuqtayi nazardan buning natijasida terida yalligʻlanish jarayonlari, teri qurishi, yorilishi, rN muhitining oʻzgarishi kabi holatlari kuzatiladi va zoʻrayish holatlari qayd etiladi. Bu mikroorganizmlarning shartli-patogen holatida inson organizmida saqlanish ehtimolini orttiradi va patogenli mikroorganizmlarning koʻpayishiga maqbul sharoitlarni yaratadi. Bu esa keyinchalik yangi virusli hamda mikst-bakterial infeksiyalarining rivojlanishiga sabab boʻladi.
Bugungi kunda COVID-19 koronavirusini aniqlashning test tizimi yaratilgan boʻlib, kasallik viruslarga qarshi, bakteriyalarga qarshi va steroid yordamida davolanmoqda. Terapiyaning barcha usullari koronavirus infeksiyasining asoratlangan shakllariga — bronx-oʻpka kasalliklarini davolashga qaratilgan. Biroq, teri va shilliq pardalarni himoya qilish boʻyicha dezinfeksiyalovchi moddalardan tashqari hech qanday terapevtik va profilaktik chora-tadbirlar ishlab chiqilmagan.
COVID-19 infeksiyasining kontakt yoʻli bilan yuqishini hisobga olsak, teri mikrobiotasi (teridagi mikroorganizmlar majmui) holatini, rN muhitini,lipidlar holatini yaxshilash orqali terining tusik ( baryer) funksiyasini oshirib va infeksiyalarni tashuvchi yoki infeksiyalardan zararlanganlik darajasini kamaytirish mumkin.
Shu bois ham dermatologlarning oldiga virusli va bakterial infeksiyalariga qarshi kurashishda shartli-patogen, jumladan virusli mikroorganizmlar bilan organizmning zararlanishi uchun darvoza boʻlib xizmat qiluvchi teri qoplamlari va shilliq qavatlariga doir davolash-profilaktika choralarining yangi texnologiyalarini yaratish vazifasi qoʻyildi. Shu yoʻnalishda Markaz tomonidan Oʻzbekiston tabiiy resurslaridan foydalanishni hisobga olgan holda tashqi muolajalarda ishlatish mumkin boʻlgan bakteriostatik hususiyatli yangi avlodli davolash mahsulotlarini, shulardan kelib chiqqan holda klinik protokollar, profilaktika usullarini yaratish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Bu oʻz navbatida COVID-19 koronavirusi bilan kasallanish koʻrsatkichlarni pasayishiga xizmat qiladi.
Shahnoza Mavlonova
Tibbiyot fanlari doktori, professor, Respublika ixtisoslashtirilgan dermatologiya va venerologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi laboratoriya mudiri, Innovatsion rivojlanish vazirligining “Tibbiyot fanlari” boʻyicha Ilmiy kengash raisi oʻrinbosari
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring