Koronavirusda “qolgan” lolalar
Niderlandiyada gul yetkazib beruvchi yirik fermerlar koronavirus tufayli koʻp million yevrolik zarar koʻrmoqda. Bu haqda New York Times xabar berdi.
Bundan 110-yil oldin tashkil etilgan oilaviy fermalardan biri qiygʻos ochilgan 200 mingta lolani yoʻq qilishga majbur boʻldi.
“Bu oson boʻlmadi, chunki gul “ishlab chiqarish” jarayoni oʻtgan yil iyul oyida boshlanib, shu yil qish yakuniga qadar davom etgandi. Joriy yilda lolalarimiz juda yaxshi oʻsgandi. Ishchilarim lolalarni yulayotganda, velosipedda sayr qilib yurdim, chunki roʻy berayotgan holatga qaray olmadim”, — dedi fermer.
Boshqa gulchilar ham shu kabi muammolarga duch kelishmoqda. Hatto ayrimlar qariyb 400 mln.ta gul(shulardan 140 mln. donasi lola)ni yoʻq qilishlariga toʻgʻri keldi.
Gulchilik sohasidagi bunday muammo aynan mavsum avjiga chiqadigan paytda roʻy berdi. Zero, aynan mart va may oylarida Niderlandiyada Xalqaro xotin-qizlar kuni, onalar kuni va Pasxa nishonlanadi. Odatda yuqori daromad keltiradigan 8 haftalik mavsumda gulchilik industriyasi soha vakillariga deyarli 7,6 mlrd. dollar daromad keltirar edi. Oʻtayotgan yilda esa toʻrt haftaning oʻzida savdo yarmiga qisqarib ketdi.
Eslatib oʻtamiz, ayni paytda Niderlandiyada COVID-19ni yuqtirib olganlar soni 25 mingdan oshib ketdi, 2737 nafar inson hayotdan koʻz yumdi, 250 kishi tuzaldi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring