Koronavirus: Asossiz mish-mishlarni qanday toʻxtatish mumkin?

01:54 24 Aprel 2020 Dunyo
1618 0

Internet koronavirus haqidagi asossiz va isbotlanmagan maʼlumotlarga toʻlib toshgan. Bunday mish-mishlarga ishonish oqibati esa ayanchli yakun topishi mumkin.

Britaniya parlamenti kichik qoʻmitalaridan biri WhatsApp kabi messenjerlar orqali tarqatilayotgan yolgʻon maʼlumotlar haqida xabar berishni soʻragan.

Ekspertlar esa odamlarni “axborot tozaligi”ga amal qilishga chaqirmoqda.

Xoʻsh, notoʻgʻri maʼlumotlarni tarqalishdan toʻxtatib qolish yoʻlida sizning qanday nafingiz tegishi mumkin? Bi-bi-si shu boʻyicha mutaxassislar maslahatlarini keltirib oʻtdi.

1. Fikringizni jamlang va oʻylang

Ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlar orqali koronavirusga oid yangi maʼlumot yoki tavsiyalar kelib qolsa, shu zahoti ularni yaqinlarimizga joʻnatishga intilamiz.

Biroq ekspertlar shunchaki fikrni jamlash va oʻylab olish notoʻgʻri axborotning tarqalishiga chek qoʻyishda eng muhim omil ekanini taʼkidlaydi.

Agar qoʻlingizga tushgan maʼlumot yuzasidan sizda shubha paydo boʻlgan boʻlsa, uni tarqatishdan avval tekshirib koʻrishga harakat qiling

2. Manbani tekshiring

Maʼlumotni tekshirishda uning manbasiga oydinlik kiritish muhimdir.

Odatda, bunday xabarlar “doʻstimning doʻsti” yoki “xolamning dugonasining qoʻshnisi”dan keladi.

Bu kabi xabarlar, maʼlumotlarda, koʻp hollarda, virusdan saqlanish uchun qoʻlni yuvish yoki tozalikka rioya qilish lozimligi kabi toʻgʻri hamda bezarar tavsiyalar boʻladi.

Biroq ayrim xabarlar va tavsiyalarga amal qilish yoki kasallikka tashxis qoʻyish yoʻllari qabilidagi asossiz iddaolarga ishonish muqarrar xatar tomon yetaklashi mumkin.

Mutaxassislar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilot va sogʻliqni saqlash vazirliklari kabi rasmiy idoralar eng ishonchli manbalar ekanini eslatadi.

Shuningdek, messenjerlardan kelgan manbasi nomaʼlum xabarlardan koʻra ekspertlar soʻziga quloq solish anchayin xavfsizroq boʻlishi mumkin.

3. Bu feyk boʻlishi mumkinmi?

Xabarlarning uslubi yoki shakli aldamchi boʻlishi mumkin.

Ular goʻyo rasmiy idoralar, mansabdor shaxslar va, hatto, Bi-Bi-si nomidan tarqatilishi ham mumkin.

Maʼlumotlarni tasdiqlangan akkauntlar va rasmiy veb-saytlardan qidirishga harakat qiling.

Agar sizga kelgan xabardagi maʼlumotni bunday joylardan topa olmasangiz, demak, katta ehtimol bilan, u — soxta.

Bundan tashqari, xabardagi har soʻzni katta harflar bilan yozilishi, shriftlarning bir-biriga mos kelmasligi feyk alomatlaridan, deb hisoblaydi fakt tekshriuvchilar.

4. Shubhangiz bormi? Unda tarqatmang

Sizga kelgan xabarning haqiqatga yaqinligiga u qadar ishonmayotgan boʻlsangiz, uni boshqalar bilan ulashishdan tiyilib turing.

Diqqat qiling — balki surat yoki matn kontekstdan yulib olingan boʻlishi mumkin.

5. Faktlarni erinmay tekshiring

Bi-Bi-siga dunyo boʻylab oʻnlab inson bir qizning ovozli xabarini yubordi.

Unda qiz “doʻsti kasalxonada ishlaydigan hamkasbi”dan eshitgan tavsiyalarini aytar edi.

Qizning tavsiyalari tekshirib koʻrilganda, ular toʻgʻri va notoʻgʻri maslahatlar qorishmasidan iborat ekani ayon boʻldi.

Sizga ana shunday tavsiyalarning uzun roʻyxati kelganda, siz ularga osonlik bilan ishonib qolishingiz mumkin. Sababi qoʻl yuvish singari siz bilgan oddiy qoidalar ham roʻyxatda boʻladi va siz tavsiyalarning qolganida ham jon bor, deya oʻylay boshlaysiz.

Biroq barcha tavsiyalar ham toʻgʻri boʻlavermaydi.

6. Hissiyotga toʻla xabarlardan ehtiyot boʻling

Odatda, qoʻrqinchli, gʻazabnok, xavotirli va kulgili xabarlar odamlar oʻrtasida tez tarqaydi.

Jurnalistlarga dezinformatsiyaga qarshi koʻmaklashuvchi mutaxassis Kleyr Uordlning fikriga koʻra, “qoʻrquv dezinformatsiyaning gullab-yashnashiga zamin yaratuvchi eng katta omillardan biridir”.

“Odamlar “Virusga qarshi kurashish yoʻllari!” yoki “Zudlik bilan bu dorini iching!” degan xabarlarni koʻrganlarida, oʻz yaqinlarining sogʻligini oʻylay boshlaydilar. Ular boshqalarga yordam berish maqsadida bunday xabarlarni tarqatadilar”, deydi u.

7. Tarafkashlik haqida ham oʻylab koʻring

Siz bu xabardagi maʼlumot toʻgʻriligini aniq bilganingiz uchun tarqatyapsizmi yoki shunchaki uni toʻgʻri, deb ishonganingiz sabablimi?

Demos tahlil markazida ishlovchi Karl Miller biz oʻz ishonch-eʼtiqodimizga mos kelgan maʼlumotlarni oʻrtoqlashishga koʻproq moyilmiz, deydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер