Koreya oʻzbekistonlik avtomobil ustalarini yuqori maoshli ish bilan taʼminlamoqchi

10:29 10 Avgust 2024 Jamiyat
548 0

Amaliy tashrif bilan Janubiy Koreyada boʻlib turgan kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri oʻrinbosari Raʼno Turdiboyeva boshchiligidagi delegatsiya vakillari Koreya Avtomobilsozlik sanoati uyushmasi raisi Kvak Yol Chol bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida Ye-7 vizasi asosida oʻzbekistonlik ishchilarni Koreya Respublikasida joylashgan avtomobillarga xizmat koʻrsatish shoxobchalarida yuqori maosh toʻlovchi ishlarga jalb qilish masalasi muhokama qilindi.

Janubiy Koreya tomonining maʼlum qilishicha, Uyushma huzurida 6800 ta shoxobcha mavjud boʻlib, ayni paytda mazkur shoxobchalarda 6000 nafardan ziyod ishchi kuchiga ehtiyoj bor.

Uchrashuvda Uyushma rahbari tomonidan mana shu ehtiyojni oʻzbekistonlik ishchilar, xususan avtomobil taʼmirlovchi ustalar hisobidan toʻldirish taklifi oʻrtaga tashlandi.

Oʻzbekiston delegatsiyasi rahbari Raʼno Turdiboyeva ushbu taklifni qoʻllab-quvvatlab, Ye-7 vizasi asosida kirib kelishi rejalashtirilayotgan ishchilarni Koreya Respublikasida mehnat faoliyati davomida huquqlarini himoya qilish, oylik maoshlarini vaqtida toʻlash, ishchilarning noqonuniy faoliyat yuritishining oldini olish hamda xavfsiz va tartibli mehnat migratsiyasini tashkil etishni nazorat qilish oʻzaro hamkorlikdagi muhim jihat ekanligini alohida qayd etdi.

Muloqot yakunida Koreya Avtomobilsozlik sanoati uyushmasi delegatsiyasining Oʻzbekistonga safarini uyushtirish va tashrif davomida Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari faoliyatlari bilan tanishtirishga kelishib olindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер