Koʻprik qurgan Solijon
Foto: Халқ сўзи
Xalqimiz azaldan suv keltirganni, yoʻl va koʻprik qurganni aziz sanagan. Bu ezgu ishlarning savobini esa hech bir oʻlchov bilan baholab boʻlmaydi.
Namangan viloyati Yangiqoʻrgʻon tumanidagi Buloqboshi mahallasi ahli ikkinchi guruh nogironi Solijon Mamatovni hududdan oqib oʻtgan soy ustiga mustahkam koʻprik qurib, koʻpchilikka katta qulaylik yaratganini ogʻizlaridan bol tomib gapirishadi. Qirq ikki yoshli bu fidoyi insonni alqaganlaricha bor. Gap shundaki, mahalladan oqib oʻtgan Buloqboshi soyi ustidagi koʻprikni sel yuvib ketganiga yigirma yildan oshganiga qaramay, bu yerdan qatnash aholi uchun jiddiy muammo boʻlib keldi. Toʻgʻri, orada vaqtinchalik oʻtish moslamalari oʻrnatildi, biroq, ular omonat boʻlganidan uzoq vaqtga yaramagan. Zarkent va Garmov koʻchalarini bogʻlovchi koʻprikning yoʻqligi, ayniqsa, ayollar va bolalarga qiyinchilik tugʻdirar edi. Masalan, 22-umumtaʼlim maktabi oʻquvchilari 2-3 kilometr masofani aylangan holda oʻqishga qatnashlariga toʻgʻri kelgan.
Avval harbiy sohada ishlagan, keyinchalik nogironligi sabab nafaqaga chiqqan Solijon Mamatovning tashabbusi koʻpchilikning dardiga darmon boʻldi.
— Ancha-muncha mablagʻ orttirgandim, mahalladoshlarimga zamonaviy koʻprik qurib berishga qaror qildim. Aslida bu pulga mashina sotib olish, uyimni taʼmirlashni moʻljallagandim, ularning ham vaqti kelib qolar, — dilidagi tiliga koʻchdi Solijonning. — Xayrli ish koʻpchilikka maʼqul tushdi. Tegishli tashkilotlar yoʻl oʻtkazish inshooti tarhini chizib berishdi. Uzunligi 11, eni 7 metr boʻlgan mustahkam koʻprikdan 100 tonnagacha yukli transport vositalari ham bemalol oʻta oladi.
Yetti oy ichida bitgan yangi koʻprik ishga tushirilgan kun buloqboshiliklar uchun bayramga aylandi. Kattayu kichik yoʻli yaqinlashganidan xursand. Ayniqsa, oqsoqollarning boshi osmonda, Solijonning ikki dunyosi obod, shunday jonfido farzandni tarbiyalagan Neʼmatulla ota va Oʻktamxon ayaning umrlari uzoq boʻlsin, deya uzundan-uzoq duo qildilar.
— Baʼzida hovlimiz yonidagi koʻprikchani sozlab qoʻyishga hafsala qilmaymiz, — deydi mehnat faxriysi Moʻminjon ota Gʻafurov. — Solijon yurt ishiga kamarbastalik namunasini koʻrsatdi. Uning 200 million soʻmdan ziyod mablagʻi hisobiga koʻprik tiklagani koʻpchilikka ibratdir.
Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring