Kontrafakt matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish — jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi mumkin
Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda sifatsiz va kontrafakt daftar mahsulotlaridagi xatolar aks etgan suratlar tarqalgan edi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan kontrafakt va nostandart matbaa mahsulotlari ishlab chiqarilishi, tarqatilishi va realizatsiya qilinishiniyu oldini olish boʻyicha huquqni muhofaza qilish organlari bilan hamkorlikda doimiy monitoring ishlari tashkil etilgan. Oʻrganishlarda aniqlangan huquqbuzarliklarga qarshi tegishli choralar koʻrish maqsadida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamenti hamda Davlat soliq qoʻmitasiga murojaatlar yuboriladi.
Murojaatlarga asosan, Departament tomonidan 2019-yil yakunlari boʻyicha respublikamizning barcha viloyatlari boʻyicha jami 293 ta kitob savdo bilan shugʻullanuvchi tadbirkorlik subyektida profilaktika ishlari tashkil etildi. Qonunchilik talablariga rioya etmasdan realizatsiya qilinayotgan jami 32 674 ta matbaa mahsuloti savdodan chiqarildi. Ularning umumiy qiymati 120,2 mln soʻmdan ziyodni tashkil etadi.
Bir necha kun muqaddam ijtimoiy tarmoqlarda surati eʼlon qilingan daftar kabi kontrafakt mahsulotlarini ishlab chiqargan korxona nomi, manzili va boshqa maʼlumotlar koʻrsatilmagani tufayli ushbu tadbirkorlarni topish, chora koʻrish imkoniyati nihoyatda kam. Kontrafakt mahsulotlari hisoblangan daftarlarga nazar solsangiz “Oʻzbekistonda ishlab chiqarilgan”dan boʻlak maʼlumotni uchratmaysiz. Hattoki, umuman boshqa nashriyot nomidan foydalanib matbaa mahsulotlari ishlab chiqarayotgan soxta tadbirkorlar ham yoʻq emas. Ularga qarshi kurashish uchun jamoatchilik nazorati juda muhim.
Shuningdek, Agentlik tomonidan 2019-yilning avgust oyida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, “Oʻzstandart” agentligi, Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining masʼul mutaxassislari ishtirokida respublikamizda faoliyat yuritayotgan noshirlik va matbaachilik korxonalarida amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, Umumiy texnik reglament va davlat standartlari talablariga muvofiq matbaa mahsulotlarini tayyorlash boʻyicha 30 dan ortiq tadbirkorlik subyektlarida sayyor seminarlar oʻtkazilgan.
Ushbu seminarlarda mutasaddi tashkilotlarning mutaxassislari tomonidan korxonaning moliyaviy va ishlab chiqarish jarayonlariga aralashmagan holda, korxona rahbarlariga matbaa faoliyati bilan shugʻullanishda qoʻllaniladigan sohaga oid amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, “Taʼlim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi Umumiy texnik reglament” va davlat standartlari talablariga rioya qilgan holda matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish yuzasidan huquqiy maslahatlar berilgan.
Agentlik mutaxassislari tomonidan seminar ishtirokchilariga korxona faoliyatini va ishlab chiqarish jarayonlarini toʻgʻri tashkil etishda zarur boʻlgan meʼyoriy hujjatlar, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 3-iyundagi 146-son qarori bilan tasdiqlangan “Taʼlim muassasalari uchun xavfsiz poligrafiya mahsulotlari haqidagi Umumiy texnik reglament”, “Maktab daftarlari uchun gigiyenik talablar” SanPiN 0270-09 namunalar toʻplami taqdim qilingan.
Matbaa korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan matbaa mahsulotlarini, ayniqsa, daftar mahsulotlarini “Oʻzstandart” agentligidan tegishli muvofiqlik sertifikati va Respublika sanitariya-epidemiologiya markazining gigiyenik talablarga rioya etilganlik toʻgʻrisidagi ekspertiza xulosasi olingandan soʻng realizatsiya qilish maqsadga muvofiqligi eslatib oʻtilgan.
Shuningdek, korxona rahbarlari mazkur talablarga rioya etmaslik, xususan, bolalar sogʻligiga salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan matbaa mahsulotlarini ishlab chiqarish va sotish, mualliflik huquqlarining buzilishi soliq, maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻlishi haqida ogohlantirilgan.
Shu bilan birga seminarda, ishlab chiqarish jarayonlarida yuzaga kelayotgan muammoli masalalarni hal etish boʻyicha savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi va ishlab chiqarish jarayonlarini qonunchilik talablari asosida yoʻlga qoʻyish borasida zarur amaliy tavsiyalar berilgan.
Bundan tashqari, Agentlik tomonidan mavzuga oid bir qator seminarlar tashkil etilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring