Konstruktiv muloqot — global muammolarni samarali hal etishning yagona yoʻli
Shu yilning 15-16-sentyabr kunlari Samarqand shahrida SHHTga aʼzo davlatlar rahbarlarining sammiti boʻlib oʻtadi. Ushbu sammit dunyoda shiddatli geosiyosiy jarayonlar kechayotgan paytda oʻtkazilayotganligi hamda sammitda Turkiya, Eron, Ozarbayjon davlatlari Prezidentlari, Armaniston Respublikasi Bosh vaziri, BMT, MDH, KXSHT, YEOIK, Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari boʻyicha kengash, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Arab davlatlari ligasi kabi xalqaro tashkilotlar vakillari ham ishtirok etayotganligi bilan yanada dolzarb ahamiyatga ega.
SHHTning Samarqand shahrida oʻtkazilishi rejalashtirilgan ushbu oliy darajadagi sammiti yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti: oʻzaro bogʻliqlikdagi dunyoda muloqot va hamkorlik” mavzusidagi maqolasi eʼlon qilindi.
Maqolada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev global darajada davlatlar oʻrtasidagi oʻzaro ishonch chuqur tanazzulga yuz tutayotganligi sababli xalqaro hamkorlikning universal prinsip va normalarga asoslangan tizimi izdan chiqib borayotganini, geosiyosiy qarama-qarshiliklarning va “bloklarga mansublik” stereotiplarining qayta tugʻilish xavfi yuzaga kelayotganini, jahon iqtisodiyoti avvalgi taraqqiyot yoʻliga qaytishi va global taʼminot zanjirlari tiklanishi jarayoni murakkablashayotganini, dunyoning turli nuqtalarida davom etayotgan qurolli mojarolar savdo va investitsiya oqimlarini izdan chiqarib, oziq-ovqat va energetika xavfsizligini taʼminlash borasidagi muammolarni yanada keskinlashtirayotganini alohida taʼkidlagan.
Bundan tashqari, zamonimizning dolzarb va global muammolari sifatida global iqlim oʻzgarishi, tabiiy boyliklar va suv resurslari tanqisligi ortishi, bioxilma-xillikka putur yetishi hamda xavfli yuqumli kasalliklar tarqalishi ham keltirib oʻtilgan.
Haqiqatdan ham, bugungi kunda dunyoning aksariyat mintaqalarida suv resurslari tanqisligi muammosi yuzaga kelmoqda. Buning asosiy sabablari sifatida global isishni, sayyoramizdagi ekotizimning buzilishini, davlatlar iqtisodiyoti koʻlami va aholisi soni oʻsib borishi natijasida qoʻshimcha suv resurslariga talabning ortishini keltirish mumkin.
Hozirda dunyoning turli mintaqalarida suv resurslari tanqisligi muammosi davlatlararo munosabatlarda keskinlikning ortib borishiga, hatto harbiy kuch ishlatishgacha borib yetishiga sabab boʻlmoqda.
Aytib oʻtish joizki, soʻnggi yillarda suv resurslari tanqisligi muammosi Markaziy Osiyo mintaqasida ham yaqqol namoyon boʻldi. XX asrning 90 yillarida esa Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishganidan soʻng sodir boʻlgan iqtisodiy va demografik oʻsish suv resurslariga boʻlgan talabni koʻp karra oshirdi.
Mutaxassislarning tahlillariga koʻra, oxirgi 40 yil ichida Markaziy Osiyoda suv taʼminoti hajmi yiliga kishi boshiga 8,4 mingdan 2,5 ming kub metrgacha kamaydi, 2050-yilga borib Markaziy Osiyo aholisi 90 million kishiga va suv tanqisligi 25-30 foizga koʻpayadi, suv taʼminoti hajmi esa kritik darajaga – yiliga 1,7 ming kub metrdan kamroqqa yetadi.
Markaziy Osiyo davlatlari mustaqilligi davrida suv resurslari tanqisligi muammosi mintaqadagi davlatlararo munosabatlarda maʼlum bir keskinlikni keltirib chiqardi, desak, adashmagan boʻlamiz.
Lekin bugungi kunga kelib, Oʻzbekiston tashqi siyosatida Markaziy Osiyo mintaqasi asosiy oʻrinni egallashi va yaqin qoʻshnichilik tamoyilining keng joriy etib borilishi mintaqadagi siyosiy muhitning yaxshilanishi va sogʻlomlashuviga olib keldi. Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida suv resurslari tanqisligi muammosini yechish boʻyicha nisbatan samaraliroq va barcha davlatlar manfaatlarini inobatga oluvchi turli xil ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama mexanizmlar yoʻlga qoʻyildi.
Joriy yil 21-iyulda Choʻlponota shahrida oʻtgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining toʻrtinchi Maslahat uchrashuvida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi ostida Markaziy Osiyo uchun “Yashil kun tartibi” mintaqaviy dasturining qabul qilinishi shular jumlasidan.
Umuman olganda, Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari tanqisligi muammosini konsensus va har bir davlatning manfaatlarini inobatga olgan holda yechishga qaratilgan saʼy-harakatlar olib borilmoqda. Ammo ushbu saʼy-harakatlar tizimli tusga ega emas va asosan alohida muammolarni hal etishga yoʻnaltirilgan.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo mintaqasida suv resurslari tanqisligi muammosini tizimli va yanada samarali hal etish maqsadida quyidagi takliflar bildiriladi:
- mintaqadagi transchegaraviy suv resurslaridan oqilona foydalanishni tartibga solish maqsadida tashkil etilgan Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtiruvchi komissiya faoliyati va nizomini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda qayta koʻrib chiqish;
- davlatlar sanoati, qishloq xoʻjaligi va aholisining kundalik hayotida suvdan oqilona foydalanish imkoniyatini beruvchi zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish;
- SHHT doirasida suv resurslari tanqisligi masalalariga ham alohida eʼtibor qaratish.
Davlatimiz rahbari maqolasida hech bir mamlakat yolgʻiz holda ushbu global xavf-xatarlarni chetlab oʻtish yoki bartaraf etishga qodir emasligi, davlatlar ham mintaqaviy, ham global muammolarni hal qilishda nafaqat oʻz milliy manfaatlari, balki boshqa davlatlar va xalqaro munosabatlar subyektlari manfaatlarini ham inobatga olishlari kerakligi tilga olingan. Bu xususda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Bugun biz yashayotgan, jarayonlar oʻzaro chambarchas bogʻlangan dunyoda xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yoʻli – konstruktiv muloqot va har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan koʻp tomonlama hamkorlikdir”,- deya taʼkidlagan.
Maqolada yuqorida sanab oʻtilgan global muammolar xalqaro hamjamiyat, shu jumladan SHHTga aʼzo davlatlar oldida turgan dolzarb va yechimini kutayotgan masalalar ekanligiga toʻxtalib oʻtilgan. Bunda SHHT endigina 20 yillik tarixga ega nisbatan yosh tashkilot boʻlishiga qaramay, oʻz maqsadlari va vazifalari doirasida dunyodagi turli rivojlanish modeliga, madaniyatga, dinga, qadriyatlarga va iqtisodiyotga ega boʻlgan davlatlarni birlashtira olganligi hamda oʻz faoliyati davomida ularning oʻzaro hamkorligini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyganligi eʼtirof etilgan.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz maqolasida yoritilgan masalalar va takliflar chuqur tahliliy asosga va global darajadagi davlatlararo munosabatlarning kelajagini prognoz qilish xarakteriga ega ekanligi bilan ilmiy hamjamiyat aʼzolari, ekspertlar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari uchun dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Amirbek KENJAYEV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti bosh ilmiy xodimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring