Koʻngilochar tadbirlarni koʻpaytirib yuboryapmiz — Oʻzbekistonda koronavirusdan kasallanish ortayotganining sabablari aytildi
Bugun AOKAda oʻtkazilgan brifingda Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva mazkur masala yuzasidan tushuntirish berdi.
«Bu savolga bir nechta javob bor:
Aholi orasida niqoblar taqilmay qoʻyilgani — bu infeksiyani odamdan odamga yuqish uchun juda qulay sharoit, yaʼni hozir kunlar issiq, havo quruq — virusning havoda harakatlanishiga toʻsqinlik yoʻq va u bemalol insonlarning yuz va qoʻl terisiga yoki koʻz shilliq qavatiga, burundan nafas olamiz — havodagi virus burun shilliq qavatiga yoki tomoqqa tushadi hamda hujayra ichiga kirib, kasallik chaqirishga imkoniyat qidiradi;
Qoʻllarni sovunlab yuvmay qoʻydik yoki spirtli antiseptiklardan foydalanmay qoʻydik — bu esa qoʻl terisiga tushgan virusning tozalanmasligiga, qoʻllar koʻz, burun yo ogʻizga tekkizilganda virus organizmga tushadi, natijada bu kasallik chaqirishni yana-da kuchaytiradi;
Ijtimoiy masofani saqlamay qoʻydik — yaʼni juda koʻp toʻy-hashamlar, tugʻilgan kunlar va odamlar toʻplanishi mumkin boʻlgan koʻngilochar tadbirlarni koʻpaytirib yubormoqdamiz. Bu kabi koʻngilochar tadbirlarda:
● bir oila aʼzolaridan tashqari bir necha oilalar va odamlar soni 30 dan ortib ketmoqda;
● tadbirlar yopiq joylarda, umumiy sigʻimdan 50% dan ortiq odamlar ishtiroki kuzatilmoqda, yaʼni agar 100 kishilik toʻyxonada tadbir boʻlsa, talab boʻyicha 50 kishidan ortmasligi kerak, lekin bugungi kunda toʻy-hashamlarda 100-150 tadan odam ishtirok etmoqda;
● bunday koʻngil ochar tadbirlarga hyech kim oldindan PSR-testini topshirmaydi va kelayotgan mehmonlardan test natijasi soʻralmaydi;
● kelayotgan mehmonlarni tana harorati oʻlchanmaydi;
● niqoblar taqilmaydi va spirtli antiseptiklar bilan tez-tez qoʻllar ishlov berilmaydi.
Axir biz toʻy-hashamlarga koʻngil ochish uchun boramiz, unda ovqatlanish kerak, insonlar koʻngil ochmoqchi boʻlgandan keyin uzoq davom etuvchi suhbatlar va muloqotlar boʻladi. Bularning hammasi — koronavirus tarqalishiga katta zamin yaratmoqda», dedi Sevara Ubaydullayeva.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring