Koʻngillarda nur, qalblarda munavvarlik
Foto: “Xalq soʻzi”
Bolajonlar orziqib kutadigan Yangi yil archasi Navoiy viloyatining shahar-u tumanlarida qad rostlab, uning atrofi bolajonlarning shoʻx qiyqirigʻi-yu, quvonchlariga toʻlib ketdi. Turfa rang chiroq va taqinchoqlar bilan zeb berilgan archalardan taralayotgan nur koʻngillarni ravshan etib, murgʻak qalblarga munavvarlik ato etmoqda.

Anʼanaga koʻra, “Prezident archasi”ning asosiy shodiyonalari bu yil ham muhtasham Farhod Madaniyat saroyida boʻlib oʻtdi. Bayram tadbiriga viloyat shahar va tumanlaridan oilaviy bolalar uylari va “Muruvvat” uyi tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan oʻgʻil-qizlar va Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz osoyishtaligi yoʻlida qurbon boʻlgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari farzandlari taklif etilib, viloyat hokimi Normat Tursunov ularni kirib kelayotgan 2024-yil bilan Yurtboshimiz nomidan qutlab, Prezident sovgʻasini topshirdi.

Bolakaylar osmonga qadar boʻy choʻzgan archa atrofida ertaklar sehrli olamiga sayr qildilar. Teatrlashtirilgan tomoshalarda bevosita ishtirok etishib, Yangi yilga oʻzlari tayyorlagan dasturlarni namoyish etishdi. Tomoshalar ularga olam-olam quvonch baxsh etayotganligini bolajonlarning shoʻx-shodon kulgisi hamda mamnun nigohlaridan ham ilgʻash qiyin emas.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring