Koʻngilxushlik ortidagi koʻngilsizlik

17:28 04 Dekabr 2019 Jamiyat
2526 0

Ancha yillar ilgari “paqildoq” ovozidan xushidan ketib, yiqilgan, hatto vafot etgan insonlar haqida eshitib qolardik.

Afsuski, keyingi kunlarda koʻcha-koʻyda, mahallalarda, jamoat joylarida pirotexnika vositalari yana quloqni qomatga keltirmoqda.

Mutaxassislar fikricha, pirotexnika vositalari tez yonadigan moddalardan tayyorlanadi va ularning deyarli barchasi yongʻin chiqish xavfi yuqori boʻlgan buyumlar hisoblanadi. Shu bois bu matoh bolalar qoʻliga tushib qolsa, favqulodda hodisalar, jumladan, yongʻin keltirib chiqarishi, odamlarga ogʻir jarohat yetkazishi mumkin.

Tabiiyki, pirotexnikaning aksariyati xavfsizlik talablariga javob bermaydigan kontrafakt mahsulotlari ekanligini, bir damlik koʻngilxushlik katta koʻngilsizliklar keltirib chiqarishini bolalar bilmaydi. Biroq uni koʻzdan pana qilib sotayotganlar-chi? Nahot ular noqonuniy savdo ortidan choʻntagini qappaytirishni tinchlik-xotirjamlik, salomatlik kabi bebaho boyliklardan afzal bilsa?!

Shifokorlar soʻzlariga koʻra, “paqildoq” odamni bexosdan choʻchitgani bois yurak-qon tomir tizimiga oʻta salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ayniqsa, bu matohdan uni oddiy oʻyinchoq deb bilgan bolalar koʻproq jabr koʻradi. Ular orasida kuyish, turli tan jarohatlari olish holatlari, hatto qoʻl-oyogʻidan ajrab qolganlar, koʻrish va eshitish qobiliyatini yoʻqotganlar ham uchraydi.

“Pirotexnika buyumlari muomalasi tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi qonunda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, joʻnatish, ulardan foydalanish, shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirishning oldini olish borasida qatʼiy choralar belgilangan.

Savol tugʻiladi: unda bunday vositalar yurtimizga qaysi yoʻllar bilan kirib kelmoqda? Ular bolalarning qoʻliga qanday tushib qolyapti?

Mutasaddi idoralardan bu savollarga asosli javoblar kutamiz.

Dilshod KARIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер