“Ko‘mir ta’minot” MCHJ Toshkent viloyat filiali boshlig‘i 50 ming dollar pora bilan qo‘lga tushdi
“Ko‘mir ta’minot” MCHJ Toshkent viloyat filiali boshlig‘i, muqaddam firibgarlik bilan bog‘liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs mazkur korxonaning hozirgi kunda vakant hisoblangan Sirdaryo viloyat filialiga rahbar sifatida ishga qabul qilinishida ko‘maklashish evaziga fuqarodan 50 ming AQSH dollari talab qiladi.
Davlat xavfsizlik xizmatining Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Departamentning viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur rahbar so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida qo‘lga olindi.
Shuningdek, Toshkent shahrida yashovchi, muqaddam bir necha marotaba sudlangan, 1964 va 1982 yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs firibgarlik yo‘li bilan qurilish ishlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkordan 20 ming AQSH dollarini olgan vaqtlarida ushlandi.
Ma’lum bo‘lishicha, ular Samarqand viloyatida joylashgan qishloq vrachlik punktlari va poliklinikalarni joriy ta’mirlash uchun Hukumat qarorlari asosida byudjet mablag‘lari ajratilishini aytib, o‘zlarining yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali 34 mlrd so‘mlik pudrat shartnomasini tadbirkorga tegishli MCHJga to‘g‘ridan to‘g‘ri olib berishni va’da qilishgan. Keyinchalik esa mazkur pudrat shartnomasi qiymatidan 8 foizini ulush sifatida berishini talab qilishgan.
Hozirda ikkala holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring