Kogonda hojatxona uchun loyihalashtirilgan joydan oʻquv xonasi sifatida foydalanilgan(mi?)...
14-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda Kogon shahridagi 9-sonli umumtaʼlim maktabining hojatxonasidan oʻquvchilar uchun sinf xonasi tashkil etilganligi haqidagi videolavhali material tarqatildi.
Buxoro viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi ushbu materialga rasmiy munosabat bildirdi:
Taʼkidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilingan xabar viloyat Xalq taʼlimi boshqarmasi mutasaddilari tomonidan batafsil oʻrganildi.
“Haqiqiy holatni toʻgʻri talqin etsak, hozirda “Bobur” MFYda joylashgan mazkur taʼlim maktabi 1986-yilda qurilgan boʻlib, hozirda 2013-yilda kapital taʼmirdan chiqarilgan 1051 oʻrinli zamonaviy binoda joylashgan.
Unda 2019-2020 oʻquv yilida 1573 nafar oʻquvchiga taʼlim-tarbiya berib kelinmoqda. Maktab binosi 3 qavatdan iborat boʻlib, 1986-yilda har bir qavatida ichki hojatxona, yuvinish xonalari loyihalashtirilgan boʻlsa-da, barcha qavatlarda hojatxona yoʻq. Taʼlim muassasasining hojatxonasi esa birinchi qavatida joylashgan va yillar davomida shu hojatxonadan foydalanib kelinmoqda.
Ijtimoiy tarmoqda suratlari tarqatilgan 2- va 3–qavatlardagi hojatxona va yuvinish xonalaridan aytib oʻtganimizdek, yillar davomida foydalanilmagan hamda maktab maʼmuriyati tomonidan yopib qoʻyilgan.
Bundan bir oycha avval ana shu xonalardan biri oʻquvchilar bilan alohida, sinfdan tashqari mashgʻulotlarda foydalanish uchun rekonstruksiya qilingan. 13-dekabr kuni ushbu xonada 9-sinf oʻquvchilaridan maktab oʻzbek tili oʻqituvchisi A.F. rahbarligida oʻzbek tilidan nazorat ishi olingan. Ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan surat shu jarayondan.
Ikkinchi suratda koʻrsatilgan xona 2X1 oʻlchamli kichkina yuvinish xonasi boʻlib, undan umuman foydalanilmaydi.
Xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻining talabi bilan yuqorida tasvirlangan xonadan foydalanish toʻxtatildi va sinfdan tashqari mashgʻulotlarni oʻtkazish uchun ikkinchi smenada, tushdan keyin boʻshaydigan sinf xonalaridan foydalanish tashkil etildi", - deyiladi munosabatda..
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring