Kobul aeroportida yuz bergan voqealar Gʻarb uchun uyat — Germaniya prezidenti
Foto: Reuters
Germaniya NATO kampaniyasi ishtirokchisi sifatida, ushbu mamlakatda boʻlayotgan voqealar uchun javobgardir. Ushbu fikrlarni Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayer aytib oʻtdi deya yozmoqda “Spiegel” jurnali.
Uning fikricha, Shimoliy Atlantika alyansidagi ittifoqchilar fuqarolar urushida “Tolibon” harakati gʻalabasidan xulosa chiqarishi kerak. Shtaynmayer, shuningdek, afgʻon xalqi bilan boʻlayotgan voqealarni “fojia” deb atadi. Uning qoʻshimcha qilishicha, Kobul xalqaro aeroportidagi odamlarning nochor ahvoli Gʻarb siyosiy rahbarlari uchun uyatdir.
Avvalroq, Germaniya fuqarolari va afgʻon qochqinlarini evakuatsiya qilish uchun moʻljallangan nemis samolyoti Kobul aeroportidagi tartibsizliklar va otishma tufayli faqat 7 kishini qabul qila olgan. Undan oldin layner aeroportga hatto qoʻna ham olmagan. Bunga uchish-qoʻnish yoʻlagi odamlar bilan toʻla boʻlgani sabab boʻlgan. Samolyot aeroport osmonida uzoq vaqt turgandan soʻng yonilgʻi quyish uchun Toshkentga uchishga majbur boʻlgan.
16-avgust kuni Germaniya kansleri Angela Merkel Afgʻonistondan 10 ming kishini, shu jumladan, nemis harbiylari bilan hamkorlik qilgan afgʻonlarni, huquq himoyachilari va advokatlarni evakuatsiya qilishga chaqirdi. U, shuningdek, Berlin qochqinlarni joylashtirishga yordam berish uchun Afgʻoniston bilan chegaradosh davlatlar bilan hamkorlik qilishi kerakligini taʼkidlagan.
15-avgustda “Tolibon” harakati Afgʻonistonning butun hududiga nazorat oʻrnatganini eʼlon qildi. Uning vakillari Kobuldagi davlat televideniyasini oʻz qoʻliga oldi va murojaat bilan chiqib, fuqarolarni tinchlikni saqlashga chaqirdi.
“Tolibon” Kobulga kirib kelishi bilan ming-minglab mahalliy aholi vakillari mamlakatni tark etish ilinjida aeroportga toʻplandi. Hatto, ayrim fuqarolar uchib ketayotgan samolyot qanotlariga ham chiqib oldi. Natijada maʼlum vaqt davomida aeroportda ish toʻhtab qoldi. Aeroport hududida tartibni saqlash uchun oʻq otar qurollardan ham foydalanilgan.
Oldinroq, “Tolibon” tinch aholidan qurollarni tortib olishni boshlagani va Afgʻoniston maxsus kuchlari tarqatib yuborilgani haqida xabar bergan edik.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring