Kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi?

15:25 07 Mart 2021 Jamiyat
1653 0

“COVID-19" ga qarshi kimlarga emlanish tavsiya etilmaydi? Emlangandan keyingi asoratlar boʻlishi mumkinmi? SSV matbuot xizmatining shu kabi muhim savollariga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshligʻi oʻrinbosari Nurmat ATABEKOV javob berdi.

— Emlash tadbirlarini amalga oshirish paytida ushbu vaksinani ishlab chiqargan tashkilotning tavsiyalariga amal qilinadi, — deydi Nurmat Atabekov. — OIV infeksiyasiga yoki autoimmun kasalliklariga chalingan shaxslarni, shu jumladan anamnezida ogʻir allergik reaksiyalari mavjud boʻlgan shaxslarni, homiladorlarni, emizikli ayollarni va 18 yoshgacha boʻlgan aholi qatlamini emlash tavsiya etilmaydi.

Har qanday holatda ham emlash toʻgʻrisidagi qaror tibbiy koʻrik natijasida qabul qilinadi.

Mabodo emlashga moneʼlik qiladigan u yoki bu turdagi holatlar kuzatilsa, tibbiy koʻrik oʻtkazayotgan shifokor, albatta, unga eʼtibor qaratadi.

— Koronavirus bilan kasallangan shaxslar bilan yaqin aloqada boʻlganlarni emlash mumkinmi? Buni qayerda va qanday amalga oshirish mumkin?

— Koronavirus bilan kasallangan odamlar bilan yaqin aloqada boʻlgan shaxslar karantin (14 kun) tugaganidan keyin, shifokor koʻrigidan soʻng emlanadi.

— Emlangandan keyingi asoratlarning oldini olish borasida qanday ishlar qilinyapti?

— Koronavirusga qarshi emlangan shaxslar patronaj tibbiyot xodimlari tomonidan emlangandan soʻng 30 daqiqa davomida kuzatib turiladi. Keyinchalik uch kun davomida uyiga tashrif buyurish yoʻli bilan muntazam tibbiy kuzatuvga olinadi. Ularning sogʻligʻi, ahvoli koʻzdan kechirilib, tegishli hujjat bilan rasmiylashtiriladi.

Barcha emlash maskanlarida mutaxassislar (vaksinatorlar), asbob-anjomlar va birinchi tibbiy yordam uchun zarur boʻlgan dori-darmonlar zaxirasi yaratiladi. Emlash mutaxassislari emlashdan keyingi salbiy reaksiyalarni aniqlash va lozim boʻlgan taqdirda tegishli tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtkazilgan. “COVID-19» ga qarshi emlanish bilan bogʻliq allergik reaksiya kuzatilgan hollarda tez tibbiy yordam brigadalari ham jalb etiladi.

Yana bir bor taʼkidlab oʻtamiz, fuqarolar emlanishdan oldin, albatta, tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Bu kutilmagan asoratlarning oldini olishga zamin yaratadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер