Kichik yer egalari iqtisodiyotga qanchalik naf beradi?

15:24 13 Aprel 2021 Iqtisodiyot
974 0

Bugun turli ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda qishloqlarda kichik yer egalari sinfini yuzaga keltirish Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun qanday vazifalarni bajarishi mumkinligi koʻp muhokama qilinmoqda. Yerga boʻlgan munosabat, har qarich yerdan samarali va oqilona foydalanishni tashkil etish, buning uchun yerni haqiqiy egasiga, fidoyi dehqonga berish munosabatlari bugungi kun holatiga juda mos holat, albatta.

Mamlakatimizda oʻtgan asrning 90 yillari boshida fermerchilik harakati boshlanib, unga tegishli koʻplab qonunlar va meʼyoriy hujjatlarlar qabul qilindi. Ularning samarasi va kelgusidagi rejalar haqida Andijon viloyati fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Farhodbek Nabijonovning fikrlari bilan qiziqdik. Dastlabki maqolaga ushbu viloyatni tanlaganimiz bejiz emas. Binobarin, Andijon aholisi tigʻiz joylashgan viloyatlardan biri hisoblanadi.

— Xabaringiz bor, — deydi F. Nabijonov — mamlakatimizda 2005-2008-yillarda yer egaligini taʼminlashga qaratilgan harakatlar natijasida shirkat xoʻjaliklari toʻliq tugatildi. Ular negizida fermer va dehqon xoʻjaliklari tashkil etildi. Natijada yer egaligi borasida bir qancha ijobiy oʻzgarishlar yuz berib, islohot samarasi koʻzga tashlanmoqda.

Bugungi kunda Andijon viloyatida ham yerdan foydalanuvchilar paxta va gʻalladan tashqari boshqa turdagi qishloq xoʻjaligi ekinlarini ham yetishtirmoqda. Qoʻshimcha ishchi oʻrinlari yaratish borasida ijobiy qadamlar tashlandi, yuzlab tadbirkorlar goʻsht, sut, meva, sabzavot yetishtirish va qayta ishlashni joriy etdi.

Hozirda esa Andijon viloyatida ham agar tarmoqda klasterlar faoliyatining yoʻlga qoʻyilishi hisobiga yangi ishchi oʻrinlari yaratilmoqda. Dehqon oʻzi yetishtirgan xomashyoni oʻzi qayta ishlab, tayyor mahsulot qilib sotmoqda, eng eʼtiborli tomoni endi tayyor mahsulotni ishlab chiqarib, jahon bozoriga chiqish imkoniyatlari yaratildi.

Ayniqsa, paxtachilik sohasida klaster oʻzi yetishtirgan xomashyoni tolaga va ikkilamchi mahsulotlarga aylantirish, yigirish, toʻqish, tikish kabi jarayonlarni oʻzi amalga oshirib, qishloqdagi yoshlarni yangi ish oʻrinlari bilan taʼminlamoqda, bugungi kunda ularni normal ish haqlari bilan taʼminlamoqda.

Gʻallachilik, bogʻdorchilik, uzumchilik va sabzavot tarmoqlarida klasterlar faoliyatini yoʻlga qoʻyib, ishchi oʻrinlarini koʻpaytirishga xizmat qilayotganligi inkor etib boʻlmas haqiqatdir. Qishloqlarda tegirmonlar, non tayyorlovchi oilaviy kichik korxonalar, muzlatgichlar koʻpayib bormoqda.

Soʻnggi 5 yil ichida dehqonning meva va sabzavot mahsulotlarini erkin eksport qilishga keng yoʻllar ochilib, avvalgi mavjud muammolar bekor qilinganligi insonlarning yerga boʻlgan munosabatini oʻzgartirdi, ularda nafaqat mahsulot yetishtirish, balki oʻsha mahsulotni saqlash, qadoqlash, qayta ishlab mahsulot sifatida jahon bozoriga chiqish imkoniyatlarini yaratilganligi mehnat unumdorligini oshirishga undadi,

Yana bir haqiqat, qaysi fermer tomchilatib, yomgʻirlatib sugʻorish tizimini tashkil etsa, suv quduqlari qazisa, ekin maydonlarini lazerli texnika yordamida tekislasa davlat tomonidan subsidiya mablagʻlari ajratilib, dehqonga madad boʻlmoqda. Bunday davlat koʻmagi dehqonchilikning boshqa sohalariga ham bosqichma-bosqich joriy etilmoqda.

Mamlakatimiz hududida demografik vaziyat xilma-xil ekanligi, qayerdadir aholi siyrak, yer-suv moʻlroq, boshqa joyda esa aksincha ekanligi ham rivojlanish imkoniyatlariga toʻsiq boʻlayotganligi, bu esa yerni mayda tarzda ommaviy ravishda taqsimlab yuborishni taqozo etadi. Joylarda aholi nufuzining ortishini, yer-suv bilan bogʻliq muammolarni, hududlarning tuproq va iqlim sharoitini inobatga olgan holda adolatli taqsimlash asosiy mezon boʻlib qolmoqda.

Birgina misol, Andijon viloyati hududi respublika miqyosida bir foizga ham bormaydi, lekin aholi soni 3 million nafardan ortiq, bu esa respublika aholisining 10 foiziga teng demakdir. Haydaladigan ekin yerlari hajmi esa 202 ming gektarni tashkil etmoqda. Aholi jon boshiga taqsimlanganda sal kam 6 sotixni tashkil etadi. Bu esa har sohada omilkorlikni, tajribani, zarur joyda adolatli qoʻllashni taqozo etadi. Asaka, Shahrixon va boshqa bir qator tumanlarda jon boshiga haydaladigan ekin maydonlari hajmi bundan-da kamroq. Shunday qishloqlar borki, u joylarda aholi soni 70-80 mingdan ortiq boʻlib, haydaladigan yer har bir jon hisobiga 1-2 sotixni tashkil etadi. Hattoki, shunday fermer xoʻjaliklari borki, har bir oilaga 10 sotixdan 30 sotixgacha toʻgʻri kelishi vaziyatni qanchalik ogʻir ekanligini koʻrsatib turibdi.

Koʻpincha yurtdoshlarimizning Rossiya va boshqa Yevropa davlatlariga muhojirlik asosida ishga ketayotganligi, ularning oʻz vatanidagi mavjud imkoniyatlardan foydalana olmayotganligi muhokama qilinadi. Bu —haqiqat.

Aytmoqchimanki, haqiqiy demokratik jamiyat qurish yoʻlida borayotgan ekanmiz, yer-suv borasida soʻz yuritish masʼuliyatini ham yoddan chiqarilmaslik kerak. Bugun boʻlmasa, ertaga innovatsiya yutuqlari barcha sohalarda boʻy koʻrsatadi va albatta bizning diyorimizda ham yer-suvdan foydalanish yaxshilanishi evaziga qalbimizdagi ezgu maqsadlar roʻyobga chiqadi.

D. ULUGʻMURODOV tayyorladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер