Xususiy tibbiyot muassasalari tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar soni 129 taga yetdi
2021-yil mamlakatimizda xususiy tibbiyot rivojiga keng yoʻl ochilgan yil boʻlib tarixga muhrlandi. Ayni paytda yurtimiz tibbiyot muassasalariga 129 turdagi tibbiy xizmatni amalga oshirishga ruxsat berilgan.
— Hozirda mamlakatimizdagi xususiy shifo maskanlari soni qariyb 7000 taga yetgan. Ularning 2215 tasi esa yangi tibbiy ixtisosliklar hisobiga faoliyatini kengaytirdi.
— Ayni paytda 1425 ta xususiy shifoxona statsionar tarzda ish yuritmoqda. Ulardagi oʻrin-joylar 30 mingdan ortiq boʻlib, sanatoriylar bilan qoʻshib hisoblaganda 40 mingdan ortiq oʻrin-joylar tashkil etilgan.
— Davlat tibbiyot tashkilotlaridagi jami 120 ming oʻrin-joylarga nisbatan xususiy shifoxonalardagi statsionar oʻrin-joylar 25 foizni tashkil etmoqda.
— 2021-yil 1-iyuldan nodavlat tibbiyot muassasasiga kirish uchun oliy tibbiy taʼlimni yakunlagan mutaxassislardan malaka toifasi talab qilinmaydigan boʻldi.
— Yakunlangan yilda xorijiy investitsiya ishtirokidagi xususiy shifoxonalar soni 110 taga yetdi.
— Xususiy sektorning davlat tibbiyot muassasalari boʻsh turgan obyektlaridan foydalanishi 2 barobar oshirildi.
— 2021-yil 1-iyuldan xususiy tibbiyot tashkilotlariga “mobil tibbiyot” bilan shugʻullanishga, olis va chekka hududlardagi tashkilot va korxonalar tasarrufida faqat oʻrta tibbiyot xodimlaridan iborat tibbiy punktlarni tashkil etishga ruxsat berildi.
— Qishloq joylarda tibbiyot boʻyicha tashkil etiladigan yangi mikrofirma va kichik korxonalar yagona soliq toʻlovidan, jalb etilgan shifokor va mutaxassislar daromad soligʻidan, ularning daromadlari esa yagona ijtimoiy toʻlovdan ozod etildi.
— 2021-yil 5-mayda Prezidentimizning hamshiralik ishini oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatiga kiritish koʻzda tutilgan “Sogʻliqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish va tibbiyot xodimlarining salohiyatini oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish toʻgʻrisida”gi Farmoni qabul qilindi. Unga koʻra, ushbu faoliyat bilan 2022-yil 1-yanvardan boshlab Sogʻliqni saqlash vazirligining tegishli axborot tizimida roʻyxatdan oʻtgan mutaxassislar shugʻullanishlari belgilandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring