Xotin-qizlar va voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun jazo choralari keskin kuchaytirilmoqda
Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»
Senatning oʻttiz toʻqqizinchi yalpi majlisida “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni koʻrib chiqildi.

Taʼkidlanganidek mazkur Qonun bugungi kunda xotin-qizlar hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan sodir etilayotgan turli xil zoʻravonlik holatlariga nisbatan qatʼiy jazo choralarini belgilash bilan bir qatorda bunday salbiy holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zoʻravonlik” yaʼni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir roʻzgʻor asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega boʻlgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zoʻravonlik uchun tegishincha maʼmuriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanmoqda.

Shuningdek, endilikda jinsiy zoʻravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan jazodan muddatidan ilgari shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrogʻi bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tatbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada ogʻirlashtirilmoqda.

Bundan tashqari, xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, taʼqib etganlik hamda ota-ona oʻz voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Qonunchilikka kiritilayotgan asosiy oʻzgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka koʻra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zoʻrlik ishlatib gʻayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikatsiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon boʻlishi asosiy mezonlardan biri boʻlgan boʻlsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda, yaʼni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.

Shu bilan birga, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zoʻravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga taʼlim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shugʻullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning roʻyxatini yuritish koʻzda tutilmoqda.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.


Foto: Sirojiddin Vohidov / «Xalq so‘zi»
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring