Xorijiy tillar boʻyicha eng yaxshi natijaga erishgan maktablarga Prezident sovrini sifatida 500 milliongacha pul beriladi

12:36 20 May 2021 Jamiyat
1153 0

“Oʻzbekiston Respublikasida xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, Vazirlar Mahkamasi huzurida Xorijiy tillarni oʻrganishni ommalashtirish agentligi (Agentlik) hamda uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy vakillari lavozimlari tashkil etildi.

Agentlik direktori va uning oʻrinbosarlari Vazirlar Mahkamasi qarori bilan lavozimga tayinlanadi.

Agentlik xodimlari mehnatga haq toʻlash, ragʻbatlantirish va ijtimoiy himoya qilish sharoitlari boʻyicha Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi markaziy apparati xodimlariga tenglashtiriladi.

Qarorga koʻra, 2021/2022 oʻquv yilidan tumanlar (shaharlar)da umumiy oʻrta taʼlim muassasalari negizida xorijiy tillarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan 207 ta maktab tashkil etiladi.

2021-yil 1-sentyabrdan xorijiy tillarni oʻqitish boʻyicha eng yaxshi natijalarga erishgan maktablarni ragʻbatlantirish maqsadida Prezident sovrini taʼsis etiladi.

Bunda, sovrin uchun musobaqalar umumtaʼlim maktablari oʻrtasida quyidagi uch bosqichda tashkil etilgan holda:

birinchi bosqich – tuman va shaharlarda oʻtkazilib, gʻoliblar 100 mln soʻmgacha;

ikkinchi bosqich – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida oʻtkazilib, gʻoliblar 250 mln soʻmgacha;

uchinchi bosqich – respublika miqyosida oʻtkazilib, gʻoliblar 500 mln soʻmgacha pul mablagʻlari bilan mukofotlanadi.

Qishloqlarda xorijiy tillarni oʻqitish faoliyatini tashkil etish uchun tadbirkorlarga 50 mln soʻmgacha bir martalik subsidiya ajratish amaliyoti yoʻlga qoʻyiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер