Xorazmda qovundan tuzlama tayyorlanyapti
Qadimdan Xorazm qovunlarining dovrugʻi yetti iqlimga maʼlum boʻlgan. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, vohada qovunning 400 dan ziyod navlari yetishtirilgan.
Xorazm qovunchilik maktabi dovrugʻini qayta tiklash maqsadida Urganch davlat universiteti qoshida qovunchilik markazi tashkil etilib, polizchilik yoʻnalishida mutaxassislar tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan edi. Markaz ilmiy izlanuvchilari tomonidan olib borilgan tadqiqot natijalariga koʻra, qovunning oʻrta pishar gurak, qora gurak, oq novvot, suyunchi kabi qadimiy navlari qayta tiklanmoqda.
— Ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish uchun ajratilgan 7 gektar maydonda 125 xildagi qovun navlari boʻyicha tajribalar olib boryapmiz, – deydi Urganch davlat universiteti qovunchilik boʻlimi boshligʻi Sanjar Saʼdullayev. – Maqsadimiz Xorazm qovunlari dovrugʻini qayta tiklash, yoʻqolib borayotgan navlarni asrab, voha tuproq va iqlim sharoitiga mos, eksportbop navlarni koʻpaytirishdan iborat. Shu bilan birga qovunni issiqxona xamda ochiq dalalarda yetishtirish boʻyicha ilmiy klaster loyihasini tashkil qilish ustida ham ish olib bormoqdamiz.
Odatda polizda asosiy hosil yigʻishtirib olingach palakda pishib yetilmay qolgan mushtday kattalikdagi qovunlar chorva mollariga berilardi. Markaz xodimlari bunday qovunlardan tuzlama tayyorlashni yoʻlga qoʻydilar.Muhimi yangi mahsulotga xorijiy hamkorlar katta qiziqish bildirib, eksport qilish boʻyicha muzokaralar olib borilyapti.
Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, bu yil viloyatda 12 ming gektar maydonda qovun yetishtirildi. Tilimi tilni yoradigan Xorazm qovunlari Yaponiya, Germaniya, Koreya, Rossiya kabi qator mamlakatlarga eksport qilinmoqda.
Odilbek Odamboyev
(“Xalq soʻzi”)
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring